Inson huquqlarini himoya qilishda sun’iy intellektdan qanday foydalaniladi?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xodimlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun “Inson huquqlarini himoya qilishda sun’iy intellektdan samarali foydalanish” mavzusida ikki kunlik trening o‘tkazildi.
Ombudsman, Adliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari ham jalb etildi.
Ombudsman Feruza Eshmatova sun’iy intellekt texnologiyalari turli sohalar qatori inson huquqlarini himoya qilish sohasiga ham tobora chuqur kirib borayotganini qayd etdi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, hujjatlar bilan ishlash, murojaatlarni tizimlashtirish va axborotni tezkor qayta ishlash kabi imkoniyatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, sun’iy intellektdan foydalanish shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kamsitishga olib keluvchi algoritmik qarorlar, axborot xavfsizligi, shaffoflik va inson nazoratini ta’minlash kabi qator huquqiy va axloqiy masalalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda. Shu bois, ushbu texnologiyalardan foydalanishda inson huquqlariga asoslangan va mas’uliyatli yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminar davomida ishtirokchilar uchun sun’iy intellekt asoslari va uning inson huquqlariga ta’siri, sun’iy intellekt va xalqaro inson huquqlari standartlari, shuningdek, inson huquqlari sohasida ishlashda sun’iy intellekt tizimlariga samarali so‘rovlar – promptlar berish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Xususan, ishtirokchilar sun’iy intellektga asoslangan vosita yoki qarorni amaliyotga joriy etishdan oldin uning inson huquqlariga ehtimoliy ijobiy va salbiy ta’sirini baholash, xavflarni oldindan aniqlash va ularni kamaytirish mexanizmlari bilan tanishdilar. Amaliy mashg‘ulotlarda ushbu yondashuvlarni inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Trening davomida BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Istanbul mintaqaviy markazi vakili Aynura Bekkoyenova, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakili Omer Fisher, shuningdek, xalqaro ekspertlar Devid Mark va Mindiya Vashakmadze ishtirokchilarga sun’iy intellektdan kundalik professional faoliyatda samarali va mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy tavsiyalar berdi.
Savol-javoblar, amaliy topshiriqlar va o‘zaro fikr almashish shaklida tashkil etilgan tadbirda sun’iy intellekt inson huquqlarini himoya qilishda mutaxassis o‘rnini bosuvchi emas, balki uning tahliliy imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida qo‘llanilishi, bunda yakuniy qaror va mas’uliyat inson zimmasida qolishi muhimligiga e’tibor qaratildi.
N.Abduraimova, O‘zA