Inson baxtli boʻlishi kerak...
Ramazon oyi edi. Chilonzordagi moʻjaz bir kafeda uch-toʻrt nafar birodar iftorlik qiladigan boʻldik.
Ijodkor oʻylari
“Dunyoda zarur, bajarmasa boʻlmaydigan kasblar qolganda edi, millionlab kishilar ishsizlikdan ochlikka, muhtojlikka mahkum boʻlur edi”, deydi nemis sotsiologi Liberman. Zarur kasblar deganda olim shifokor, oʻqituvchi, askar kabi kasblarni sanab oʻtadi va koʻchada chaqa-pulga etik tozalab-moylab kun koʻruvchini yoki tirnoq pardozlovchini “zarur kasb egalari” safiga qoʻshmaydi. Chindan ham etigini har kim oʻzi artib ketishi, pardozlanmagan tirnoq bilan ham yashayverishi mumkin. Ammo shifokor yoki muallimsiz hayotning quvvati ketadi, taraqqiyot arobasi toʻxtaydi.
Ammo bugungi taraqqiy etgan kishilik jamiyatida kasb turlari benihoya koʻp va har birining oʻz oʻrni bor. Ularsiz hayot kemtikday boʻlib qoladi. Misol uchun, mehnati koʻzga koʻrinmas, arzimasdek tuyuluvchi oshxona va restoranlarda xizmat qiladigan ofitsiantlarning mehnati ham oʻziga xos mohiyat kasb etib qoldi. Bu kasbni koʻp hollarda ayollar, qizu juvonlar bajarishadi. Ofitsiant xizmati haqida oʻylaganimda, kaminani oʻylantirgan, hatto iztirobga solgan bir jihat borki, shu xususda fikrimni aytmoqchiman.
Ramazon oyi edi. Chilonzordagi moʻjaz bir kafeda uch-toʻrt nafar birodar iftorlik qiladigan boʻldik. Va kelishilgan vaqtda yemakxonaga kirib bordik. Tabiiyki, ofitsiant qoshimizga keldi. Roʻzador odamlarning har bir taomni soʻrab, surishtirib, ijikilab tanlashiga ehtiyot boʻlibgina quloq osib turgan juvon bizning buyurtmamizni yozib olardi.
Hali ogʻiz ochishga biron oʻn daqiqa boʻlgani bois, atrofdagi stollarda xuddi bizga oʻxshab xayoli ovqatda boʻlgan xoʻrandalarni, tamaddixona xizmatchilarini kuzatib turdim. Bizga xizmat qilayotgan ofitsant – Barno (bu nom uning koʻksidagi yorliqchada bitilgan.) tagʻin bir qancha stollardan buyurtma oldi. Kafeda undan boshqa ham oʻnga yaqin ofitsant boʻlsa, ularning har biri xuddi Barno kabi zal uzra uchib-qoʻnib, shoshib, ammo xato qilmasdan xizmat qilardi. Ochigʻi, kun boʻyi davom etgan ishdan, roʻza taʼsiridan biroz toliqib turganim uchunmi, yoshi oʻttizlarga borgan, albatta, bir-ikki farzandni dunyoga keltirgan, toʻlagina bu juvonning harakatiga boqib turib toliqib ketdim. Qanday ulguradi, adashib ketmaydimi, eng yomoni tik oyoqda, turli feʼl-atvordagi mijozlarning soʻzini tinglab, qoʻpol qilib aytganda, qovogʻiga qarab turish oson emas. Eh, yoshlik, eh, ehtiyoj degan buyuk kuch, odamni bu qadar zirillatib yugurtirmasa...
Men xayolim bilan andarmon turganimda Barno stolimizga turli idishlar, choy-non, sharbat, tarvuz keltirib qoʻyib ketdi. Oyoq tovushi eshitilmaydi. Ship-ship...
– Baxtiyorjon, – deyman yonimdagi sherigimga, – shu qizlar qancha maosh olarkan-a?
– Aka, sizdan koʻp olsa kerak. – deydi Baxtiyor hazil aralash kulimsirab. – Nima edi? Soʻrab berayinmi?
– Albatta, mendan koʻp topishi kerak-da. Uning yarim harakatini qilsam, oʻlib qolaman, – deyman Baxtiyorga. – Necha soat shu zayl oyoqdan osilib turisharkin?
Shu payt Barno birinchi taomni koʻtarib stolimizga yaqinlashdi.
Baxtiyor esa kutilmaganda uni savolga tuta boshladi:
– Barnoxon, singlim. Bir kunda necha soat ishlaysizlar? Ish qiyin emasmi? Yaxshi toʻlashadimi? Manavi akangiz qiziqayapti, – Baxtiyor shoʻrvani stolga tortayotgan Barnoga chapdastlik bilan savollarni berib ulguradi. Men biroz oʻngʻaysizlanaman.
Barno menga ogʻringandek bir qarab oladi-da, shartta javob beradi:
– Oʻn soat ishlayman, aka. Oylikni uch-toʻrt millionga yetkazaman. Qiyin boʻlsa ham nailoj – bola-chaqani boqish kerak?
Barno shunday derkan, qanday tez kelgan, tez javob bergan boʻlsa, shunday tezlikda bizdan uzoqlashadi. Boshqa mijozlarga ham ulgurish kerak. Uning talaffuzidan Buxoro yoki Navoiyning farzandi ekanini ilgʻayman.
Ofitsiantlarning maxsus sariq libosida bizdan uzoqlab borayotgan juvonga boqib turib, bir lahza uning oʻrniga ayolimni, singlimni qoʻyib koʻrdim va... titrab ketdim. Biroq ogʻiz ochish vaqti yetgan ekan, sheriklar undovida taom bilan mashgʻul boʻldik. Lekin ularning gap-soʻzi qulogʻimga chala-chulpa eshitilardi. Allaqanday hasrat meni choʻlgʻab olgandi. Ammo tabiiy refleks sabab ovqatlanardim. Taomdan roʻza boshlangandan beri ilk bor lazzat tuymadim. Ishonasizmi-yoʻqmi, Barnoning – erkak oʻrnida erkak boʻlib roʻzgʻor tebratayotgan juvonning oʻrniga qiyoslab koʻrganim ayolim, singlimning raftori xayolimdan ketmay qolgan edi. Xullas, taʼbim xira boʻlgandi...
...Voqeaning qolganini oʻzim tasavvurimda jonlantirib, rivojlantirib oldim: Barno oʻz viloyatida turmushga chiqqan, farzand koʻrgan, erdan yolchimagan, roʻzgʻoriga darz ketgan. Soʻng ajrashgan. Hozir uning bir yoki ikkita farzandi ota-onasining qoʻlida. Oʻzi buyoqda. Pul topib ularga yuboradi. Bayramlarda boradi toʻlib-toshib. Maktabda oʻqiydigan oʻgʻilchasi sinfdosh oʻrtoqlari bilan ota-onasi haqida gaplashishni istamaydi. Ammo qitmir sinfdoshi uni savolga tutadi: “Sening onang ofitsantmi, otang qayerda?” Bolakayning qalbida katta sinish (bu sinish Aysberg boʻlinib ketishidan fojealidir) roʻy beradi. Achchiq ustida sinfdoshi bilan yoqalashadi. Uning hamiyati ogʻriydi. Bobo-momosining uyiga yoqavayron qaytgan bolakayni gʻamgin momosi qargʻashga tushadi...
Bu gaplarning hammasi kechki 10-11 larda ishdan horib-tolib qaytgan Barnoga telefon orqali yetib keladi. Barno oʻzi bilan birga ijaraxonada turuvchi, qismati qariyb bir xil qiz-juvonlarga koʻrsatmay, hammomdami, tashqariga chiqib ketibmi, yigʻlab oladi. Uning qizargan koʻzlari xonadoshlarini befarq qoldirmaydi. Soʻng Barno oʻziga yaqinroq birortasi bilan sirlashadi, dardlashadi, tagʻin yigʻlaydi. U ertasiga oʻgʻilchasiga zamonaviy telefon yuboradi. Oʻgʻilchasining – olisdagi murgʻak bolakayning injiqlanib soʻroviga dosh berolmaydi, qolaversa, onadan olisda oʻsayotgan goʻdakning oʻzgalardan kam boʻlishini istamaslikdek bir gʻaroyib oʻzbekona tuygʻu uni kichik maktab yoshidagi bolakayga telefon olib berishga undaydi. Bola telefonga mukkasidan ketadi va uning andarmon parishonligiga shu telefon orqali begona maʼlumotlar, gap-soʻzlar kirib keladi va bolani chalgʻitadi. Barno ayol boshi bilan buni unchalar chuqur tushunmaydi, tahlil qilishga vaqt yetishmaydi. Nima boʻlsa ham bolalarini och, yupun, siniqqan holda koʻrmasligi kerak. Ammo koshki ovqat va libosgina bolani asrab qololsa, uni qoniqtirolsa...
Qurib ketsin! Shu tarzda sochlarga oq inadi, asablar chirsillab uziladi, umrlar oʻtaveradi.
Xullas...
Yodimga oʻzbekning ulugʻ shoiri Omon Matjonning satrlari tushadi:
Magar baxtsiz boʻlsa bitta ayoli,
Shu yurt erlarining bari gunohkor...
...Bu soʻzlarni aytmoqdan muddao nima? Muddao yangi Oʻzbekistonda birorta ham odam eʼtiborsiz qolmasligi lozim boʻlgan jamiyat barpo etish yoʻlidagi siyosat, betinim qilinayotgan islohotlar amalga oshirilayotgan bugungidek pallada biz tasvirini keltirgan manzaralar (men sira qoʻshib-chatmadim, haqiqat shunday va bundan ham nigunroq boʻlishi ham mumkin) ham mavjudligini aytish. Va jamiyatni uning maʼnaviy, moddiy yechimini topishga undashdir.
Albatta, kamchiliklardan xoli, xayoldagidek hayot hech qayerda yoʻq. Bizning saxiy tuproqda, har faslining oʻz neʼmati boʻlgan Oʻzbekistonda hech kim och qolmaydi, qashshoq darajasiga tushmaydi. Bunga shubha yoʻq. Ammo unda nega oilaviy, maishiy muammolar sababidan katta-kichik fojealar, koʻngilsizliklar sodir boʻlib turibdi? Sabablari shunday: betga aytganning zahri yoʻq, demishlar – avvalo, odamlarimiz beqanoat boʻlib ketdi. Yangiyoʻlda yashab Toshkentni koʻrmay oʻtgan onalarimizning farzandlari bugun yer sharining har bir burjida kezib yuribdi. Ular orasida ayollar soni erkaklardan kam emas. Zamonaviy, globallashgan dunyoning talabi shu ekanini tushunaman, biroq oʻshalarning har birini gapga solsangiz, avvalo moddiy yetishmovchilikdan nolib gapiradi. Vaholanki, oʻz yurtimizda ishlab ham binoyidek hayot kechirish mumkinligini millionlab yurtdoshlarimiz misolida koʻrishimiz mumkin. “Inson baxtli boʻlishi kerak, mabodo u baxtsiz ekan, bunga uning oʻzi aybdor”, degan ekan Tolstoy. Shu maʼnoda ogʻirning ustidan, yengilning ostidan yurishni xushlaydigan, ozgina sabr, chidam yetishmaydigan, halol, zavqli mehnat qilishga boʻyni yor bermaydiganlar ham bisyor. Va, albatta, misol keltirganim kafe xizmatchisining turmush tarzi ham oʻzimizniki – bizga tegishli masala. Azbaroyi bu xotin-qizlarning aksariyati majburiyat chiqargan qarorga boʻysunib uylaridan olisda yuribdilar. Gender tengligi deymiz, ayollar huquqi xususida fikr yuritamiz. Ammo boz aytmoqchiman: ularning moddiyati bizning diyorimizda sirayam muammoga aylanmaydi, yaratuvchan, epli xalqimiz ochlikka yoʻliqmaydi. Biroq bunday holatlar maʼnaviy-ruhiy oʻpirilishlarni keltirib chiqaradi. Ularning farzandlari, ota, aka-ukalari hayotida bilinmay turib sifat oʻzgarishlari sodir boʻladi, boʻlmoqda ham. Natijada bu kabi kichik, muayyan bir oilaning boshidagi mubham gʻubor jamiyat kishilarining hayotiga sezdirmay kirib boradi. Hayo degan, muslimalik degan azal qadriyatlarga darz ketadi. Va hokazo... Qizigʻi, bu kabi ayollarning har birini mustaqil oʻrganib, ularning maishiy hayotini izga solib yuborishga bizning mamlakatimizning imkonlari yetarlidir. Bunga 2020-yildek sinovli kelgan kunlarda amin boʻldik. Faqatgina masʼullarimiz, tegishli ijtimoiy tahlil institutlari, mahalla kabi tashkilotlarning mutaxassislari biroz ter toʻkishi kerak.
Shodmonqul SALOM