Inson aziz, xotira muqaddas
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati boʻlimi boshqaruvi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida “Qatagʻon qurbonlari” muzeyida “Inson aziz, xotira muqaddas” shiori ostida maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati boʻlimi boshqaruvi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida “Qatagʻon qurbonlari” muzeyida “Inson aziz, xotira muqaddas” shiori ostida maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatagʻon qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini oʻrganish hamda targʻib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqida Prezidentimizning joriy yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishida alohida soʻz yuritilgan.
Yaqin 150-yillik tariximizga nazar tashlar ekanmiz, xalqimiz boshidan ne-ne ogʻir sinovlar, qirgʻinu mashaqqatli, zalvorli kunlar oʻtmagan deysiz. Tadbirda ham qatagʻon yillari elimiz boshiga tushgan sinovli kunlarning ortda qolgani, ammo uni bugungi avlod bilishi, hozirgi tinch, osuda damlarga shukrona bilan yashashi lozimligi, qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.
– Muzeyimiz 9 ta boʻlimdan iborat boʻlib, mingga yaqin rasm, hujjat, qadimiy ashyolar joy olgan, – deydi muzey direktori, Navoiy davlat pedagogika instituti prorektori Xurshid Qurbonov.
– Shu yurt tinchligi uchun jonlarini ayamay kurashgan vatandoshlarimiz nomini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan muzey yosh avlodning vatanparvar, oʻz millatiga boʻlgan hurmat, faxr va iftixor tuygʻusini shakllanishida muhim oʻrin egallaydi.
Tadbir ishtirokchilari Chor Rossiyasining Oʻrta Osiyoga bosqini, Sovet davrida qatagʻon siyosati va mustaqillik davri boʻlimlaridagi har bir eksponat, arxiv hujjatlari mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, Chor Rossiyasining Buxoroga bosqini tarixi, oʻsha paytda muomalada boʻlgan tangalar namunasi, 1916-yildagi Turkiston qoʻzgʻoloni, milliy uygʻonish harakati namoyandalari – Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Choʻlpon kabi maʼrifatparvarlarning ozodlik yoʻlidagi kurashlarini ifodalovchi hujjatlar katta taassurot qoldirdi.

