Insof
Ramazon saboqlari
Noinsof. O‘ylab ko‘rsak, aslida bu juda og‘ir haqorat. Ammo qulog‘imizga tez-tez chalinib turishi bois, ko‘nikib qolganmiz, shunchaki bir iboradek qabul qilamiz. Foydalanishga topshirilganiga hali ko‘p o‘tmay turib, ko‘prik qulab tushsa, odamlarga mo‘ljallangan baland qavatli uy ag‘darilsa, yangi xonadonga ko‘chib kirganlar bir yilga bormay hali suv, hali kanalizatsiya tizimidagi muammolarga duch kelsa, devordagi yoriqlar paydo bo‘lganini ko‘rsa, quruvchini noinsof deydi. Teshib chiqsin senga bergan pulim, deb og‘rinadi. Qarg‘aydi.
***
O‘n yil oldin bir tanishimiz qishloq joylarda qurilayotgan namunaviy loyihalar asosidagi uylardan birini olish uchun pul to‘ladi. Shartnomada muddat bir yil etib ko‘rsatilgan. Har ko‘rishganda, uy to‘yi qachon deyman. Gapni boshqa yoqqa buradi. Oxiri bir kuni yorildi. “Jo‘ra, sen jurnalistsan, shularni bir yoz, uy olaman deb adoyi tamom bo‘ldim, o‘zi oylikka yashayman. Ammo maoshimni ro‘zg‘orga yetkazolmay qoldim. Kredit meni yeb tashladi. Hammasiyam mayli, uy hali-veri bitmasa kerak”, dedi. Uyini ko‘rdim. Shartnoma tuzilganiga ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da, hali tom yopilmagan. Onda-sonda sharpadek bo‘lib, kimdir ko‘rinmasa, chala uylarni quradiganlardan hech kimni uchratmadik. Atrof qabristonday huvillab yotibdi. Do‘stimning ko‘ngliga qarab, qurilishga mas’ul odamni topdik, uni olib quruvchilarni pul, qurilish mahsulotlari bilan ta’minlaydigan tashkilotga bordik. Boshliqqa kirib, do‘stimning ijarada yashayotganligini, unga uy juda zarur ekanligini, tezroq ishni yakunlab berishni iltimos qildik (o‘zing pul to‘laysan, ishonasan, va yana iltimos ham qilasan. Bunaqasi faqat bizda bo‘lsa kerak). Bo‘lmasa Bosh vazir nomiga shikoyat yozamiz, dedim. Shu payt hech kutilmagan ish bo‘ldi: bizni eshitib turgan kattakon yonimizdagi prorabni chunonam so‘kdiki, chidab bo‘lmaydi. Kamiga besh-olti marotaba tepdiyam. “Senday ifloslar narsalarni yeb ketmaganingda, mana bunga o‘xshagan odamlarning uylari allaqachon bitib ketardi” dedi.
Tashqariga chiqdik. Juda noqulay vaziyatda qolgan edik. Hozir bu prorab boshliqning oldiga kirib dabdalasini chiqarib tashlasa kerak, deb o‘ylagandim, yo‘q, irshaygancha dedi: “Boshliq afganetsda, urishni yaxshi ko‘radi. Lekin o‘ziyam ko‘p narsani yevorgan, noinsof”.
***
Ijtimoiy tarmoqlarda homilador kelinchakning qaynotasi, qaynukasi tomonidan kaltaklangani, natijada uvol ketgan yosh juvon haqida o‘qib, larzaga tushdim. Birov 18-20 yil puf-puflab o‘stirgan farzandini boshqaning mahramiga berib, xizmatini qilsin deya o‘tirsayu, quvonch o‘rniga bunday mudhish qayg‘uda qolsa, boshini qayerga ursin? Qudachilik — ming yilchilik degan gaplar qayerda qoldi? Nima emish, kelin ammasinikiga borish uchun qo‘shnidan besh ming so‘m olgani qaynotaga yoqmaganmish. Yoqmagan bo‘lsa, qo‘liga pul tutqazib qo‘y, ko‘ngliga qara. Erkaklik g‘ururing shuncha baland edimi? Oilang birovdan bir narsa so‘raydigan holatdaligini bila turib alamingni nega begunoh keliningdan olasan? Ojizaga qo‘l ko‘targan, keyin uyalmay-netmay marhumaning sha’niga bo‘lmag‘ur gaplarni aytayotgan shunday razil kaslarni ko‘rib, ular bilan bir havodan nafas olayotganingga pushaymon bo‘lasan. O‘sha voqea tasvirlangan xabar tagida minglab izohlar bor. Kimdir katta qilib NOINSOF deb yozibdi. Haqoratlamabdi, la’natlamabdi, go‘riga g‘isht qalamabdi, ammo bor nafratini shu so‘zga joylabdi — NOINSOF.
***
Gaz plitamiz yaxshi ishlamay qoldi. Usta qidirib, ajib holatlarga duch keldim. Birinchi usta “innovatsion” ekan: “Uyimga opkeb tashang, vaqtim bo‘lsa ko‘rib, aytaman. Bir ko‘rib qo‘yishim 300 ming bo‘ladi. Tuzalsa ham, tuzalmasa ham shu gap”.
Ikkinchi ustani bilmaydigan narsasi yo‘q, ham insofli deyishganiga ishonib, uning raqamini topib, dardimni aytdim. Plitaning rusumini so‘radi. “Artel”, deyishim bilanoq xayr-ma’zurniyam nasiya qildi. Yana bir ustani maqtashgandi, uyiga besh marta bordim, topolmadim.
Oxiri mahalladagi otaxonlardan biri bilan gaplashib, shu mavzudan so‘z ochgandim, u bir tengdosh tanishining manzilini aytdi. Uzoqroqda yashaydiyu, lekin ishining piri, dedi.
Topib bordim. Yo‘l-yo‘lakay gaplashib keldik. 73 yoshda ekanlar, o‘g‘il-qizlari uyli joyli bo‘lib ketishganini, ermak uchun, zerikib qolmaslik uchun shunday ishlarni qilib turamizda, o‘g‘lim, dedilar xuddi bu ish aybdek. Uyga kelib, bir choynak suv qaynagulik vaqtda ishni tugatgan usta gazni yoqib berdi, na hid bor, na boshqa muammo. Yana: "O‘zim velikda kelaverardimu uyim sal uzoqda, charchab qolaman bu issiqda" dedilar. Uylariga oborib qo‘yishda ham gaplashib ketdik. Ikki kun oldin tug‘ilgan kunlariga o‘g‘illari mashina sovg‘a qilishganini aytib qoldilar. Tabrikladim. Uylariga yetgach, ish haqi qancha bo‘ladi, dedim.
“E, qo‘ysangchi, bolam, shu arzimagan ish uchun pul olsam, mening manzilimni aytgan og‘aynimni hurmati qayerda qoladi”, dedi.
Har qancha iltimos qilmayin, rad qilib turaverdilar.
Odamgarchilik, insof degani mana shu bo‘lsa kerak.
***
Ko‘chamizga qatiq sotuvchi keldi. Kolyaskada chaqaloq, yonida 5-6 yoshlardagi qizchasi. Bonkalar kolyaska tagiga joylashtirilgan. Bir bonka qatiq besh ming so‘m ekan. Shu payt onasi ham, qizcha ham qo‘shnilarning darvozasini taqillatgani ketishdi. Men sekin bildirmay kolyaska cho‘ntagiga o‘n ming solib qo‘ydim. Keyin qatiq olib, qizchaning qo‘liga besh ming uzatdim.
Ertasiga ular yana kelishdi. Mabodo siz adashib pul bermadingizmi, hisob-kitobimizdan o‘n ming so‘m ortiqcha chiqayapti, deyishdi.
Titrab ketdim.
Dunyoni go‘zallik emas, insofli odamlar qutqarsa kerak...
***
Davlatimiz rahbarining 2017 yilda Farg‘ona viloyatidagi videoselektorda aytgan gaplarini tez-tez eshitib, ko‘rib turaman. Yutubda ham bor. Shu majlisda yurt rahbari aytgan gaplar Abulays Samarqandiyning “Tanbeh ul-g‘ofiliyn” asarini eslatadi.
Rivoyat qilishlaricha, adolatsizlik, o‘zgalar haqqini yeyish, xo‘jako‘rsinga ish qilish avj olgan bir maskandagi ahvoldan g‘azablangan Alloh taolo Jabroil alayhissalomga o‘sha shaharni kunpayakun qilishni buyuribdi. Hazrat Jabroil qarasalar, o‘sha manzilda bir olim kechasi uxlamasdan ilm o‘rganmoqda ekan.
Yo, Allohim, — debdilar Jabroil. — Meni sinamoqchi bo‘ldingmi, bu joyda kunni tunga ulab ma’rifat izlayotgan bir bandang bor ekan, jazolashga jur’atim yetmayapti.
Aynan o‘sha olimning uyidan boshla ofatni, — buyuribdi Parvardigor. — Ilmi bo‘lib amali bo‘lmagan, yon-atrofda buzuqlikni ko‘rib turib indamagan bunday olim sadqai ilm, sadqai umr ketsin.
...Yurtboshimizning kuyunib aytadigan gaplari ana shunday befarq, faqat o‘z manfaatini o‘ylaydigan, o‘tirgan amalini saqlab qolish uchun hech qanday qabihlikdan qaytmaydiganlarga bir zarba.
“To‘rt yil ishlamay, dang‘illama uy qurasan, besh-oltita mashina olasan, — deydi Prezident ayrim nopokliklar haqida gapirib. — Nima oyligingga olasanmi? O‘g‘ri bo‘l, insofli bo‘l”.
Voh, bu dakkilar ko‘ksida iymoni, vijdoni bor odamni teshib yuboradi-ku! Halol insonlar ham ko‘p, ammo ba’zi Jig‘ildonlar pora olishdan, hisobotlarni soxtalashtirishdan qaytmayapti. Prezident o‘sha majlisda huquq-tartibot idoralaridan birining vakiliga forma kiyib tomoshabin o‘tirish vaqti o‘tganligini, tekshir-tekshir, qama-qama emas, aksincha, odamlar ongini o‘zgartirish fursati yetganini aytar ekan, shunday adolatli, xalqparvar inson mamlakat yetakchisi ekanligidan faxrlanib ketasan, kishi.
Agar sizu biz istiqomat qilayotgan shu zamin bus-butun bo‘lsa, demak pok odamlarning sharofatidan, bu.
Agar bittagina ko‘ngilda ezgu umid paydo bo‘lsa, Insofni ko‘p tilga oladigan insonning o‘z xalqiga cheksiz mehr-muhabbati samarasi, bu.
Keling, insofdan uzoqlashmaylik, axir, xalqimiz hammasini ko‘rib-bilib turibdi.
Maqsud JONIXONOV
O‘zA