Insholar ko‘rik tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘zaro hamkorlikda yurtimiz umumta’lim maktablarining 9, 10 va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Bahorgi tengkunlik - dunyo xalqlarining o‘ziga xos bayrami» mavzusida insholar ko‘rik tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirladi.
O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi rahbari Qobiljon Sobirov tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’dodli o‘quvchi yoshlarni ijodiy mehnatga undash, SHHT mamlakatlari madaniyati, tarixi, an’ana va qadriyatlariga qiziqishini oshirish, shuningdek, xalq diplomatiyasining mohiyatini tushunish, yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik, sivilizatsiyalararo rivojlantirish masalalari haqida dunyoqarashlarini kengaytirishdan iboratligini ta’kidladi.
Mazkur tanlovga jami 200 ga yaqin insholar bo‘lib, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari umumta’lim maktablari o‘quvchilari faol qatnashishdi.

Insholar orasida o‘zining mazmun-mohiyati bilan, tanlov talablariga to‘la javob bergan insho muallifi tanlov bo‘yicha birinchi o‘rin Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, 12-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Mushtariy Erkinova g‘oliba deb topildi. 2-o‘ringa ikki o‘quvchi: Navoiy viloyatining, Qiziltepa tumani, 14 maktabning 9-sinf o‘quvchisi - Gulsanam Rustamova va Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, 2 maktabning 10-A sinf o‘quvchisi – Feruza Rahmonqulova g‘olib deb e’lon qilindi.
3-o‘ringa ikki o‘quvchi Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani 20-maktabning 9-A sinf o‘quvchisi Marjona Abdunazarova va Navoiy viloyati, Zarafshon shahri, 12-maktab o‘quvchisi Mehribon Oripova munosib deb topildi.
Qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrinlar o‘z sohiblariga topshirildi.
O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi
Markazining axborot xizmati