Innovatsion ko‘z klasterlari tashkil etiladi
O‘zbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi tomonidan XXI asr klinikasini yaratish uchun zarur bo‘lgan bir qator tibbiy innovatsion texnologiyalar va eng yangi tibbiy uskunalar jalb qilish ustida qator ishlar olib borilmoqda.
Keyingi paytda soha rivoji uchun faoliyat yuritayotgan “DMC innovatsion klinika”si va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda “EYESI VRMagic” simulyatsion moslamalari Germaniyadan sotib olindi. O‘quv-simulyatsion markazni (O‘SM) yaratish bo‘yicha startap loyiha amalga oshirildi.
DMC Innovatsion klinikasi qoshidagi ko‘z mikrojarrohligi bo‘yicha innovatsion o‘quv simulyatsion markazida “Katarakta fakoemulsifikatsiyasi”, “Vitreoretinal jarrohlik”, “Optometriya va ko‘zning refraksion buzilishini korreksiya qilishning zamonaviy jihatlari” kabi qator o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
O‘zbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi ko‘z kasalliklarini davolashga qaratilgan innovatsion tibbiy klasterlarni yaratish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Tibbiy klaster - bemorlarni profiliga qarab saralash, davolash, kuzatuvga olish, dispanserizatsiyalashga qaratilgan tibbiy xizmat jarayonlarni tashkil etishning innovatsion modeli hisoblanadi.
Bu boshqa tizimlardan keng qamrovliligi bilan farq qiladi. Tibbiy klaster mavjud sohalar, o‘quv muassasalari, transport kommunikatsiyalarga tegishli tibbiy infratuzilmalarni moslashtirish orqali tashkil etiladi.
Assotsiatsiya jarrohlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ularning malakasini xolisona baholash, oftalmologning jarrohlik mahorati va darajasini tahlil qilish, ko‘z mikroxirurgiyasiga tegishli sinovlar, imtihonlarni o‘tkazishga imkoniyat yaratmoqda.
Shu bilan birga, onlayn leksiyalarni o‘tkazish uchun chet elning yetakchi klinikalari professorlarini jalb qilish yo‘lga qo‘yilgan. Oftalmologiya sohasida ilmiy, statistik, epidemiologik tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkil etish, tibbiy ta’lim sifatini oshirishga yordam berish, malakali kadrlar tayyorlash dasturini ishlab chiqish kabi ishlar ham amalga oshirilmoqda.
Muattar Burhonova, O‘zA