Innovatsion g‘oyalar – taraqqiyot omili
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan taklif etilayotgan innovatsion g‘oyalar, loyiha va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda joriy yilda bo‘lib o‘tadigan IX innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan tadbirda 35 yoshgacha bo‘lgan ilmiy xodim, mustaqil izlanuvchi, ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan talabalar tomonidan ishlab chiqilgan va tayyorlangan innovatsion g‘oya, texnologiya va loyihalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar namoyish etildi.
– Tanlovga 40 dan ziyod innovatsion g‘oyalar, loyiha va ishlanmalar taqdim etildi, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yosh olimlar kengashi raisi Qayrat Nizomatdinov. – Ular orasida energetika resurslari tejamkorligi, muqobil energiya manbalarini yaratish va rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, kimyo-texnologiya, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va mashinasozlik sohalari bo‘yicha loyihalar bor.
Universitet o‘qituvchisi Najibulla Qaliyevning “Kam gaz sarflab, ko‘p issiqlik beruvchi isitish qozoni” qurilmasi ko‘pchilikning diqqatini tortdi. Bu qurilma aholi turar-joylarini isitishda 1 kubometr gaz hisobidan odatdagiga qaraganda 3-4 barobar ko‘p issiqlik energiyasi ishlab chiqarish samaradorligiga ega.
Universitet o‘qituvchilari Qobil Xudoyberganovning “Avtomobillarning davlat belgilarini biluvchi TV avto tizimi”, Oygul Yangiboyevaning “Qoraqalpog‘istonning tuproq sharoitida topinambur o‘simligini yetishtirish texnologiyasi va uning bioekologiyasini o‘rganish”, Temur Shaulemetovning “Yuqori quvvatli atsinxron elektr dvigatelining energiya samaradorligini oshirish”, Najibulla Qaliyevning “Kam gaz sarflab, ko‘p issiqlik beruvchi isitish qozoni”, Rashid Qurbonniyozovning “Qoraqalpog‘istonda fosforitlarni qayta ishlash asosida azotfosfori o‘g‘itlarini olish texnologiyasini ishlab chiqarish”, Ikrom Sapashovning “Ustyurt neft-gaz hududida mahsuldor qatlamlarni ikkilamchi olishda kompozitsiyalashgan tashqi faol modda SFM asosida yuvuvchi suyuqlikni ishlab chiqarish”ga bag‘ishlangan loyiha va ishlanmalari g‘olib, deb topildi.
G‘oliblar IX innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasining hududiy bosqichida ishtirok etadi.