Innovatsion g‘oyalar namoyishi
Navoiyda IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi, viloyat hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 150 dan ortiq innovatsion ilmiy ishlanma va loyihalar namoyish etildi.
Prezidentimiz rahnamoligida innovatsion g‘oyalar va ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida mustahkam hamkorlikni kuchaytirish, yangi ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda qator oliy o‘quv yurtlari tomonidan yaratilgan loyihalar ishlab chiqaruvchilarga taqdim etildi. Xususan, yerning sho‘rlanish darajasini kamaytirish loyihasi, kon-metallurgiya sanoati uchun elektr tejamkor uskunalar, qishloq xo‘jaligidagi yangiliklar, mahalliy xomashyo asosidagi yangi ishlab chiqarishga oid g‘oyalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Bugungi yarmarkada yosh olim va tadqiqotchilarning ishlanmalari, innovatsion g‘oyalari keng namoyish etildi, – deydi viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi rahbari B.Muhiddinov. – Ayniqsa, yangi g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga joriy etishda ko‘rgazmaning ahamiyati yuqori bo‘lmoqda. Yirik ishlab chiqaruvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanayotir.
Tadbir doirasida innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, turli ishlanma va loyihalarni amaliyotga joriy etish, pirovardida iqtisodiyotda yuqori o‘sish samaradorligiga erishishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan yangi texnologiya, loyiha va ishlanmalarni xarid qilish, sotish yuzasidan ko‘plab shartnomalar imzolandi.