Inkubatorlar xalq “dardi” ga darmon bo‘lmoqda
Buxoro viloyati Jondor tumanida mahallabay tizimida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.Ishchi guruhi hududda ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan ta’minlash hamda imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga oilaviy tadbirkorlik tarmoqlarini ko‘paytirish maqsadida navbatdagi yangi loyihani boshladi.
4-sektor ishchi guruhi aholini tadbirkorlikka o‘rgatish orqali daromad manbaini shakllantirish uchun xonadonma-xonadon yurib uy sharoitida inkubatordan foydalanish, jo‘ja yetishtirish jarayonini tushuntirmoqda. Bu mazkur yo‘nalishda tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan 400 nafar fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirish imkonini ham berdi.

Qisqa vaqt oralig‘ida Davlat soliq qo‘mitasi shtabi sayi-harakati bilan tumanga chet elda ishlab chiqarilgan 120 dona zamonaviy inkubatorlar keltirildi. Ayni kunlarda har tomonlama qulay bo‘lgan ushbu zamonaviy inkubatorlar shakllantirilgan ro‘yxat asosida aholiga imtiyozli kredit mablag‘lari asosida yetkazib berilmoqda.
“Navgadi” mahalla fuqarolari yig‘ini hududida yashovchi Ilyos Boboyev ilgari tovuqchilik bilan shug‘ullanganligi sababli ushbu yo‘nalish serdaromad ekanligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham birinchilardan bo‘lib inkubator olish istagi borligini bildirgan edi. 4-sektor ishchi guruhi yaqinda uning xonadoniga 500 ta tuxumga mo‘ljallangan inkubatorni va tuxumlarni yetkazib berdi.

– Shu paytgacha ishsiz edim, – deydi “Oxshix” mahalla fuqarolari yig‘inida yashovchi “Ayollar daftari” ga kiritilgan Madina Homidova. – 4-sektor ishchi guruhi taklifi va ko‘magi bilan inkubatorlik bo‘ldim. Endi doimiy daromad manbaiga egaman.
Shakllantirilgan ro‘yxatga asosan ushbu hududda Madina Homidovaga o‘xshagan jami 400 nafar ishsiz fuqarolar inkubatorlik bo‘ldi. Fuqarolarga taklif etilayotgan ushbu imtiyozli kreditlar asosida 500 tadan 1000 tagacha jo‘ja ochadigan inkubatorlar ma’qul bo‘lmoqda. Inkubatorlar ehtiyojmand oilalarga imtiyozli kreditlar asosida 3 yil muddatga berilmoqda. Inkubatorlarning o‘rtacha narxi esa 6 million 800 ming so‘mni tashkil etadi.

Tumanda boshlangan bu boradagi tashabbus ko‘plab fuqarolarning, ayniqsa, “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan aholi qatlamining tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqini oshirib, oilalarga baraka olib kirmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA