Inklyuziv ta’lim — inson qadrining amaliy ifodasi
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yo‘lga qo‘yilgan inklyuziv ta’lim alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning nafaqat bilim olishi, balki tengdoshlari bilan birga ulg‘ayishi, muloqotga kirishishi va mustaqil hayot ko‘nikmalarini egallashiga xizmat qilmoqda.
Ba’zan katta o‘zgarishlar oddiy ko‘ringan kichik qadamlardan boshlanadi. Ilk bor mustaqil bajarilgan yumush, sinfdosh bilan qurilgan samimiy muloqot, yangi o‘zlashtirilgan bilim yoki o‘z imkoniyatiga bo‘lgan ishonchning ortishi... Bular kim uchundir kundalik hayotning oddiy holati bo‘lishi mumkin. Ammo alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bola va uning oilasi uchun bunday natijalar katta quvonch, umid va kelajakka ishonch demakdir.
Tumandagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yo‘lga qo‘yilgan inklyuziv ta’lim jarayoniga nazar tashlar ekanmiz, buning amaliy ifodasini ko‘ramiz. Bu yerda alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar o‘z tengdoshlari bilan bir sinfda bilim olib, jamoaga moslashish, do‘stlar orttirish, o‘zini namoyon etish va mustaqil hayotga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Zero, har bir bola ta’lim olish, o‘z iqtidorini namoyon etish va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish huquqiga ega. Uning jismoniy yoki ruhiy rivojlanishidagi o‘ziga xosliklar bu huquqni cheklamasligi kerak. Muhimi, bolaga qanday imkoniyat berilgani emas, balki uning mavjud imkoniyatlarini qay darajada rivojlantirishga sharoit yaratilganidir.
Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning sifatli ta’lim olishi, jamiyat hayotiga integratsiyalashuvi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Inklyuziv ta’limning umumta’lim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etilishi ana shu siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Uning mohiyati faqat bolani maktabga jalb qilish bilan cheklanmaydi. Aksincha, har bir o‘quvchining individual ehtiyojini inobatga olish, unga mos ta’lim muhitini yaratish, tengdoshlari bilan muloqot qilishini ta’minlash va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishni nazarda tutadi. Bunda oila, maktab va mahalla hamkorligi ham muhim o‘rin tutadi.

Kogon tumanidagi “Sorg‘un” mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan ishlar bu boradagi yondashuvning yana bir jihatini namoyon etadi. Bugun mahallada 3 561 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 84 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir.
Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Zulayho Nurmatova aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar bilan manzilli ish olib bormoqda. Ularning muammolarini o‘rganish, mavjud ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirish, ta’lim olishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur ko‘makni tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayondagi eng muhim vazifalardan biri — bolaning ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish, uning oilasi va jamiyatdan ajralib qolmasligiga erishishdir.
Tumandagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bugun 4 nafar alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bola inklyuziv ta’limga jalb etilgan. Ular uchun yaratilgan sharoit, maxsus pedagoglarning individual yondashuvi va maktabdagi qo‘llab-quvvatlovchi muhit ta’lim jarayonida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mahallada yashovchi Husniya Nurova uchun ham farzandi Shaxzodabonuning ta’lim olishi, tengdoshlari qatorida ulg‘ayishi va kundalik hayotda mustaqil bo‘lib borishi eng katta orzularidan biri.
Bugun Shaxzodabonu tumandagi 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabining inklyuziv sinfida tahsil olmoqda. Uning yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi, atrofdagilar bilan muloqotga kirishishi va kundalik hayotga moslashishida biriktirilgan maxsus pedagogning mehnati, sabr-toqati hamda bolaning individual imkoniyatlariga mos yondashuv muhim o‘rin tutmoqda.
Avvallari kundalik turmushda ko‘proq yordamga ehtiyoj sezgan Shahzodabonu bugun ko‘plab shaxsiy ehtiyojlarini mustaqil bajarishni o‘rganmoqda. Uning sinfdoshlari bilan muloqotga kirishishi, jamoada o‘zini tutishi, atrofdagilar bilan munosabat o‘rnatishi va jamoat joylaridagi odob-axloq qoidalarini o‘zlashtirib borayotgani ham quvonarli natijalardan. Bu o‘zgarishlarning zamirida oilaning ishonchi, pedagogning mashaqqatli mehnati va bolaga yaratilgan imkoniyatlar mujassam.
Aslida, inklyuziv ta’limning samarasi faqat o‘zlashtirilgan darslar yoki baholar bilan o‘lchanmaydi. Bolaning o‘z fikrini ifoda etishi, do‘stlari bilan suhbatlashishi, jamoada o‘zini erkin his qilishi, mustaqil harakat qilishga intilishi ham ta’lim natijasining muhim ko‘rsatkichlaridir.

Shaxzodabonu misolida kuzatilayotgan o‘zgarishlar ham shuni anglatadiki, to‘g‘ri tashkil etilgan ta’lim muhiti bolaning nafaqat bilimi, balki shaxsiy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kogon tumanidagi 7-maktabda ta’lim olayotgan boshqa alohida ta’lim ehtiyojlariga ega o‘quvchilarda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ularning darslardagi ishtiroki, tengdoshlari bilan muloqoti va kundalik hayotga moslashishidagi siljishlar individual pedagogik yondashuvning ahamiyatini ko‘rsatmoqda.
Biroq inklyuziv ta’limning ijtimoiy ahamiyati faqat alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning rivojlanishi bilan cheklanmaydi. Bunday muhitda tahsil olayotgan boshqa o‘quvchilar ham o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, hamdardlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash kabi muhim insoniy fazilatlarni amalda o‘rganadilar. Bu esa kelajakda jamiyatda har bir insonning qadri va huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi. Albatta, inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirish uchun maxsus pedagoglar salohiyatini oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirish, individual ta’lim yondashuvlarini takomillashtirish va ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlash muhimdir. Chunki har bir bolaning rivojlanish sur’ati, ehtiyoji va imkoniyati turlicha. Shu bois ta’lim jarayonida ham yagona andoza emas, bolaning shaxsiy xususiyatlariga mos yondashuv ustuvor bo‘lishi lozim.

Kogon tumanidagi ushbu maktab tajribasi bir haqiqatni yana bir bor namoyon etadi: bolaga imkoniyat berilsa, unga ishonch bildirilsa va zarur ko‘mak ko‘rsatilsa, u o‘z salohiyatini namoyon etish uchun dadil qadam tashlaydi.
Zero, jamiyat taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki bunyodkorlik ishlari bilan emas, balki undagi har bir inson uchun qanday imkoniyatlar yaratilgani bilan ham o‘lchanadi. Birorta bola e’tibordan chetda qolmasligi, har bir farzandning ta’lim olish va o‘z kelajagini qurish huquqi ta’minlanishi esa insonparvar jamiyatning eng muhim belgisidir.
Shaxzodabonuning mustaqillik sari tashlayotgan qadamlari, sinfdoshlari bilan muloqotdagi dadilligi va yangi ko‘nikmalarni egallayotgani ana shu ezgu maqsadning hayotiy ifodasidir. Eng muhimi, bugun unga yaratilgan imkoniyatlar ertangi kuni o‘z kuchiga ishonadigan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intiladigan inson bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri