Inklyuziv ta’lim: barcha bolalar uchun teng imkoniyatlar maskani
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni jamiyatga integratsiya qilish va ularning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu boradagi islohotlar natijasini Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ilgari uy ta’limida bo‘lgan Umidjon Turdaliyev bugun o‘z tengdoshlari bilan maktab partasida o‘tiribdi. Mahalladagi ijtimoiy xodimning sa’y-harakati bilan ushbu dargohga jalb etilgan o‘quvchi hozirda inklyuziv muhitda bilim olmoqda. Viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida to‘xtalgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi sho‘’ba mudiri Ozodbek Toshtemirov quyidagilarni ta’kidladi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash maqsadi mujassam. Xususan, mazkur maktabda “Ishonch 2030” loyihasi doirasida AKT va raqamli texnologiyalar yordamida inklyuziv ta’lim natijadorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bu yerda sifatli ta’lim uchun zarur bo‘lgan to‘siqsiz muhit yaratilib, ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun 300 metr masofada maxsus taktil yo‘laklar barpo etildi. Binoga kirish va chiqish joylarida 5 ta zamonaviy pandus qurilib, ichki qismlar maxsus tutqichlar va plitkalar bilan jihozlandi. Eng muhimi, tashkil etilgan inklyuziv sinfxona 25 ta maxsus o‘quv stoli, dam olish burchagi hamda eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari bilan ta’minlandi.
Ushbu xayrli ishlar zamirida xalqaro hamkorlik va yuksak ijtimoiy mas’uliyat yotibdi. Ma’lumki, O‘zbekiston va Shveysariya davlatlari o‘rtasidagi kelishuvga asosan noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarni xalq manfaatlariga yo‘naltirish doirasida mamlakatimiz bo‘ylab 50 ta maktab tanlab olingan edi. Oltiariqdagi ushbu maskan ham to‘liq inklyuzivlashtirilgani bois, uzoq vaqt uyda ta’lim olgan va tengdoshlaridan ajralib qolgan bolalarni umumiy ta’lim jarayoniga qaytarishga erishildi.
Bu jarayonda mahalla va maktab hamkorligining yangicha tizimi ham o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Tumanning “Qiziltepa” mahallasida yashovchi ijtimoiy xodim Mavjuda Yunusovaning ma’lum qilishicha, hududdagi 14 nafar alohida ehtiyojli bolaning 6 nafari allaqachon maktabga jalb etilgan. Yaqin kunlarda yana 3 nafar bola ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yadi.
E’tiborlisi, ijtimoiy loyihalar doirasida saxovatpesha insonlarning ko‘magi ham alohida e’tirofga loyiq. Yaqinda homiylar tomonidan maktabga maxsus skuter taqdim etildi. Endilikda harakatlanishi cheklangan bolalar har kuni mazkur transport vositasida uyidan maktabga xavfsiz olib kelinadi va darslardan so‘ng yana qaytarib olib boriladi.
Bu kabi tizimli tashabbuslar nafaqat bilim olish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki jamiyatimizda insonparvarlik, tenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Har bir bolaning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar inklyuziv jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Muhammadjon OBIDOV,
O‘zA