Inglizchada biyron so‘zlayotgan bolalar
Mutaxassislarning fikricha, ko‘p tilni bilish inson fikrini yanada teran qilib, muloqot doirasini kengaytiradi. Uni yoshlikdan o‘rganish xuddi toshga o‘yilgan naqsh kabi so‘zlarni xotirada muhrlaydi. Shu ma’noda, kichkintoylarning maktabgacha ta’lim dargohlarida ingliz tilini o‘rganayotganlari ayni muddaodir.
...Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 436-maktabgacha ta’lim muassasasining maktabga tayyorlov guruhida ingliz tili sabog‘i. Muallima Yuliya Muxina ikkinchi qatorda o‘tirgan bolakayni muloqotga tortdi. Inglizchani mehr bilan o‘rganayotgan Firdavs qaddini g‘oz tutganicha ismi-familiyasi, yoshi, ota-onasi, muallima opasi haqida so‘zlab berdi.Televizor, DVD, komputer, so‘zlovchi alifbo va boshqa tarqatma materiallar bilan jihozlangan bu xonada kichkintoylar ingliz tili muhitida saboq oladi. Mashg‘ulotlar nutq o‘stirish tarzida, atrof-muhit va bolaning yoshiga mos boshqa mavzular asosida olib boriladi. Bolalar har oyda o‘rtacha 20-30 tadan so‘zni inglizcha talaffuz qilishni o‘rganadi.
Zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalariga kirsangiz, mo‘jizalar olamiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Bir tomonda ertak qahramonlarining tasviri tushirilgan sehrli shaharcha, bir tomonda xorijiy tillardagi o‘simlik, jonivorlar tasvirlangan plakatlar, yana bir tomonda ko‘m-ko‘k bo‘lib, insonning bahri dilini ochuvchi gullar, manzarali daraxtlar...
– Ingliz tilida gapirish va yozishda, tabiiyki, muayyan qiyinchiliklar bor, – deydi o‘qituvchi Yuliya Muxina. – Maktabga tayyorlov guruhidagi bolalarda so‘zlarni eshitib, so‘ng ularni qayta takrorlash orqali yodlab olish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Shuning uchun ham darslar asosan og‘zaki tarzda olib boriladi. Ya’ni o‘quvchilarda dastlab o‘qish va yozishni emas, balki inglizcha so‘zlarni eshitish orqali ko‘nikma hosil qilinadi, so‘ng ular so‘zlarni yod olishadi. Bunda qo‘llanmalarning soddaligi, ayniqsa, ingliz tilidagi videodasturlar, multfilmlar, o‘yin va qo‘shiqlar tarzida berilgan mashqlar o‘quvchilarning chet tilini tez va oson o‘zlashtirishiga imkon yaratadi.
2012-yil 10-dekabrda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ham ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning til o‘rganishi uchun keng imkoniyat yaratdi.
Mutaxassislarning fikricha, ko‘p tilni bilish inson fikrini yanada teran qilib, muloqot doirasini kengaytiradi. Uni yoshlikdan o‘rganish xuddi toshga o‘yilgan naqsh kabi so‘zlarni xotirada muhrlaydi. Shu ma’noda, kichkintoylarning maktabgacha ta’lim dargohlarida ingliz tilini o‘rganayotganlari ayni muddaodir.
– Maktabgacha ta’lim muassasasi bola ko‘nglini tushunish, uni tinglash, u bilan do‘st tutinish uchun birinchi maskandir, – deydi Uchtepa tumanidagi 436-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Muborak Bo‘stonqulova. – Shu sababli bu yerda ishlovchi xodim, avvalo, bolalarni, o‘z ishini yaxshi ko‘rishi juda muhim. To‘rt yuzga yaqin bola tarbiyalanayotgan dargohimizda musiqa, tasviriy san’at, raqs, sport, ekologiya kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimiz qarori yuksak samara bermoqda. Bolalariga qo‘shilib ota-onalar ham chet tillarni o‘rganib, tushunib bormoqda.