Ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha tajriba almashilmoqda
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “O‘tmishni qadrlash, kelajakka tayyorgarlik: bugungi kunda ingliz tilini o‘rganish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Samarqand davlat universiteti va Osiyo ingliz tili o‘qituvchilar assotsatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Hindiston, Indoneziya, Tailand, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlaridan 60 nafarga yaqin olim ishtirok etmoqda.
– Asosiy maqsad innovatsion o‘qitish usullari va ingliz tilidagi dolzarb muammo hamda xalqaro tadqiqot natijalarini muhokama qilish, – deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Akmal Axatov. – Shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar e’lon qilish ko‘zda tutilgan. O‘zimizning olimlarimiz, ingliz tili o‘qituvchilari xorijlik hamkasblari bilan bu borada o‘zaro tajriba almashmoqda.
Osiyo ingliz tili o‘qituvchilar assosatsiyasi prezidenti, Indoneziyaning Sarjanaviyata Tamansisva universiteti professori Suvarsih Madya konferersiyaning ahamiyatiga to‘xtalib, dunyoda ingliz tilini o‘rganishga talab bugun tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Xususan, Osiyo mamlakatlarida ham mazkur tilni o‘rganishda an’anaviy metodlar bilan birga yangicha innovatsion usullardan foydalanilayotgani qayd etildi.
– Samarqand davlat universitetida ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatayotgani uchun ham navbatdagi anjuman ushbu dargohda tashkil etildi. Hamkasblarimiz bilan ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitishdagi muammolar va ularni o‘rganish, tan olingan tadqiqotga asoslangan yondashuvlar haqida fikr almashyapmiz. Sohaga oid innovatsion dasturlar, platformalar va ilovalarni muhokama qilyapmiz – dedi Suvarsih Madya.
– Bugungi konferensiyada ishtirok etayotgan mutaxassislar dunyo tan olgan ingliz tili o‘qituvchilari hisoblanadi – deydi Samarqand davlat universiteti ingliz va roman-german tillari kafedrasi mudiri Ravender Gargesh. – Kafedramiz a’zolari uchun bu yaxshi imkoniyat bo‘ldi. O‘qituvchilarimiz xorijlik olimlar bilan o‘zaro muloqotga kirishib, tajriba almashmoqda. Hamkorlikda Scopus va Webof Science bazalarida ilmiy maqolalar e’lon qilish, darslik va o‘quv qo‘llanmalar nashr etishga kelishib olishdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri