Indoneziyada Imom Buxoriy nomidagi masjid ochildi
Indoneziyada ochilgan Imom Buxoriy nomidagi masjid O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi Turizm elchisi Eko Shri Margianti tashabbusi bilan barpo qilingan bo‘lib, Gunadarma universiteti arxitektor talabalari tomonidan loyihalashtirilgan.
Majmuaning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda onlayn tarzda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Indoneziya musulmonlari tomonidan ulug‘ muhaddis Imom Al-Buxoriy nomiga masjid bunyod etilishi ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashini ta’kidladi.
Davlatimizning Indoneziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov masjid uchun esdalik sovg‘alari hadya qildi.
Sharq me’morchiligi an’analari asosida tiklangan inshoot naqshlari Shohi Zinda ziyoratgohidan andoza olib solingan. Bino g‘ishtini terishda Buxorodagi Poyi Kalon masjidida qo‘llangan uslubdan foydalanilgan.
Old tarafda Hazrati Imom majmuasidagi kabi ikki minora qad rostlagan.
Tadbirda Jakartadagi Istiqlol muzeyi eksperti, xattot Sayfiddun ishtirokchilarga masjid haqida maxsus video lavha ulashdi.
- O‘zbekistonga qaynoq salomim bo‘lsin, deydi Sayfiddun. — Hozir men yangi ochilgan masjid qarshisida turibman. Ushbu majmuani barpo etish g‘oyasi, bino dizayni bizning O‘zbekistonga tashrifimiz natijasida paydo bo‘lgandi. Mazkur inshoot ikki mamlakat do‘stligi ramzi, O‘zbekistonning Indoneziyadagi kichik bo‘lagidir. Bu yerga kelgan ziyoratchilar yurtingiz madaniy merosidan bahramand bo‘lishadi, barchamiz uchun aziz bo‘lgan Imom Al-Buxoriy haqiga duo qilib, ul zotning ruhiga hurmat bajo keltirishadi. O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA