“In-Vitro” usulida tut ko‘chatlari ko‘paytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan “Ipakchilikni rivojlanish konsepsiyasi”da bosqichma-bosqich pilla yetishtirishni ko‘paytirish, ularning sifatini yaxshilash belgilab olingan. Maqsadga erishish uchun ipak qurtining ozuqa bazasini mustahkamlash, sifatini yaxshilash hamda qurt boqish uchun yaroqli tut ko‘chatlarini yetishtirish muhim o‘rin tutadi.
Shunga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “In-Vitro” usulida tut ko‘chatlarini ko‘paytirish laboratoriyasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi.


Mazkur loyiha joriy yilda ishga tushirilgan bo‘lib, bugungi kunda to‘liq holatda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ob’ekt “Ipak Ko‘chat” ko‘chatchilik klasteri tasarrufida bo‘lib, “In-Vitro” usulida tut ko‘chatlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi.


“In-Vitro” usulida ko‘chatlar yetishtirishdan maqsad yangi tashkil qilinadigan tutzorlarni turli mavsumlarda qurt boqish uchun yaroqli, serhosil, xo‘jalik qiymati belgilari yuqori hamda turli kasalliklarga chidamli bo‘lgan yangi navdagi tut ko‘chatlari bilan ta’minlashdan iborat.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA