Imzolarni to‘plash jarayoni qizg‘in pallada
Ayni vaqtda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jiddiy hozirlik ko‘rilmoqda.
Joylarda siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodni qo‘llab-quvvatlovchilarning imzolarini to‘plash jarayoni qizg‘in tus olmoqda.
Bu borada yaratilgan qulayliklardan biri saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi, shahar va tuman kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlari mas’ullari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan partiyaning vakolatli vakiliga taqdim etilgan belgilangan tartibdagi imzo varaqalari blankalarini talab darajasida to‘ldirishga alohida e’tibor qaratgan. Saylovchilarga imzo varaqalarini to‘ldirish tartibi va bu borada qat’iy amal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar tushuntirilmoqda.
– Imzo varaqasini to‘ldirish jarayonlari korxona va tashkilotlarda, ta’lim, tibbiyot muassasalari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylov qonunchiligiga amal qilingan holda olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi vakili Sojida Allayorova. – Saylovchilarning har biri bu muhim jarayonga mas’uliyat bilan yondashib, yurt taqdiriga befarq emasligini namoyon etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, siyosiy partiyalar uzog‘i bilan saylovga 50 kun qolgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodni qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini to‘plashni tashkil etishi belgilangan. Ushbu jarayonlar va uchrashuvlarda saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli ekanliklari tushuntirilmoqda.
Qarshi shahridagi Amir Temur mahallasida 33 ming 700 nafar aholi istiqomat qiladi. Saylovlovchilar soni esa 1 ming 924 nafarni tashkil etadi. Partiya faollari tomonidan imzo to‘ldirish tartibi, saylovchilarning huquq va burchlari, bo‘lajak muhim siyosiy jarayonning mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyati va Saylov kodeksi haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsadlari, jumladan, bioxilma-xillikni saqlash, ozon qatlamini asrash, zavod-fabrika, texnologiyalarning ko‘payishi natijasida ajralib chiqadigan zaharli chiqindi gazlarning atmosferaga tarqalishining oldini olish, atrof-muhitni ifloslanishdan saqlash borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar va bunda partiyaning tutgan o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA