Imzo to‘plash jarayoni qizg‘in pallaga kirdi
Prezident saylovi kampaniyasidagi muhim jarayonlardan biri - siyosiy partiyaning o‘z nomzodi ro‘yxatga olinishi uchun saylovchilar imzosini to‘plash hamda ularning haqqoniyligini tekshirish hisoblanadi.
Ayni jihatlarni inobatga olgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faollari bu jarayonga alohida mas’uliyat bilan yondashmoqda. Jumladan, partiyaning Samarqand viloyati, tuman va shahar kengashlari tomonidan bu boradagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Samarqand shahridagi Xazora mahallasida o‘tkazilgan shunday tadbir oldidan partiya faollari mahalla ahli bilan uchrashuvlar tashkil etib, bu jarayonning mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berishdi. Imzo yig‘ish jarayonida faol, tashabbuskor partiya a’zolari kuchiga tayanilmoqda.
Joylardagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, mahalliy Kengash deputatlari, partiyaning “Ayollar va yoshlar qanot”lari atrofida birlashgan fidoyi a’zolarining ko‘magi bilan bu jarayon qamrovi kun sayin kengaymoqda.

Samarqand viloyatida saylovda ishtirok etadigan umumiy saylovchilar soni 2 million 376 ming 413 nafar ekanini inobatga olsak, kamida har bir siyosiy partiyadan 23 ming 764 nafar saylovchining nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzosini yig‘ish talab etiladi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining barcha hududiy tashkilotlari qatori Farg‘ona viloyati kengashi ham imzo to‘plash jarayonida faollik ko‘rsatib, hududlar kesimida imzo yig‘ish ishlarini amalga oshirmoqda. Partiyaning Farg‘ona shahar kengashida bu jarayonga 8 nafar deputat hamda BPT a’zolari jalb qilingan bo‘lib, ishlar deyarli yakuniga yetkazildi. Viloyatning Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan anklav hududi — So‘x tumanida ham imzo yig‘ish uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Alisher Qosimov,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi.