Imkoniyatlar keltirayotgan samaralar
2015-yilda yer maydonlarining optimallashtirilishi natijasida mamlakatimizda 17 ming 500 dan ortiq yangi fermer xo‘jaligi va 250 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etilgan.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, tarmoqda xo‘jalik yuritishning fermerlik tizimiga o‘tilishi munosabati bilan fermerlar uchun ijara mulki huquqi asosida ajratiladigan yer maydonlarini optimallashtirish masalasiga ham to‘xtaldi.2015-yilda yer maydonlarining optimallashtirilishi natijasida mamlakatimizda 17 ming 500 dan ortiq yangi fermer xo‘jaligi va 250 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etilgan.
– Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, dasturxonimizning to‘kin-sochinligi, qishloq xo‘jaligini serdaromad tarmoqqa, fermerlik harakatini qishloqda yetakchi kuchga aylantirish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fermerlar kengashi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sarsenboy Seytnazarov. – Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va maqsad sari qat’iy intilish samarasidir. Buni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi, xususan, fermerlik harakatini rivojlantirish borasidagi izchil ishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
O‘tgan yili yer maydonlarining optimallashtirilishi tufayli Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ming 802 fermer xo‘jaligi tashkil etilib, 18 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Bunda, birinchi navbatda, sug‘oriladigan yerlarning tuproq sharoiti, suv ta’minoti, ishchilar soni, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati, rivojlanish tajribasi, rentabelligi hisobga olindi. Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer maydonlari ajratish va taqsimlashning yangi mexanizmi joriy etildi. Unga ko‘ra, qarorni tuman hokimi emas, balki Fermerlar kengashi va Yer uchastkalari taqdim etish masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi xulosasi bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashlari qabul qilmoqda.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida paxtachilik va g‘allachilik bilan birga, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilikni rivojlantirish, aholiga servis xizmati ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ellikqal’alik Qahramon Sultonov avvaliga bir necha yillar turli fermer xo‘jaliklarida mehnat qilib, keyinchalik o‘zi alohida fermer xo‘jaligi tashkil etish niyatida edi. Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yer maydonlarining optimallashtirilishi uning orzularini yuzaga chiqardi.
– 72 gektar yerda paxta, 6,2 gektarda bug‘doy yetishtiramiz, – deydi Ellikqal’a tumani Qirqqiz ovulida yangi tashkil etilgan “Tashabbuskor diyor” fermer xo‘jaligi rahbari Q.Sultonov. – Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, endi baliqchilik tarmog‘ini ham tashkil etmoqchimiz. Bu yana o‘ndan ortiq yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi.