Imkoniyat va imtiyozlar samarasi
Farg‘ona viloyatida joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 989 loyiha amalga oshirildi hamda o‘n mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu maqsadlarga 190 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik izchil qo‘llab-quvvatlanayotgani soha vakillarining ulkan yutuqlarga erishishida muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, istiqbolli loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani bunda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona viloyatida joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 989 loyiha amalga oshirildi hamda o‘n mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu maqsadlarga 190 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Marg‘ilon shahridagi “Hamdamov Tohir Bahodirovich” xususiy korxonasi “Mikrokreditbank”dan olingan 200 million so‘m kredit hisobidan zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi barpo etdi. Xorijiy texnologiyalar o‘rnatilgan korxonada bir necha turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda yuzdan ortiq turdagi erkaklar, ayollar va bolalar poyabzali tayyorlanayotgan korxonada mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Iste’molchilar talab va taklifi asosida mahsulotlarning yangi turlari ishlab chiqarilmoqda. Buning samarasida korxona mahsulotlariga tashqi bozordan ham buyurtmalar ko‘paymoqda.
– Mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, faoliyatimizni izchil takomillashtirib bormoqdamiz, – deydi korxona rahbari Bahodir Oxunjonov. – Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni biz, tadbirkorlar uchun ayniqsa, ahamiyatli bo‘lganini ta’kidlamoqchiman. Unda xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Zamonaviy andozalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimizga talab ortayotgani bizni yanada samarali ishlashga undamoqda. Yaqin kunlarda korxonada yana bir yangi tarmoq ishga tushirilib, qo‘shimcha 60 ish o‘rni yaratiladi.
Ta’kidlash joizki, ayni paytda bu yerda 30 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlardir. Korxonada samarali ishlash va maroqli dam olish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bularning barchasi mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, xususiy sektor iqtisodiyotimizni yuksaltirish, yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim omilga aylanayotganidan yorqin dalolatdir.