Imkoniyat tashabbusga qanot bag‘ishlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida bank tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida bank tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda kollej bitiruvchilarining nafaqat ishga joylashishi, balki bank kreditlari evaziga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratishlari an’anaga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, jumladan, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Yoshlarga ajratilayotgan sarmoyalar hajmi yil sayin ortmoqda. 2014-yilda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini imtiyozli shartlar asosida moliyalashtirishga 200,9 milliard so‘m, yosh tadbirkor, hunarmand va fermerlar uchun 322,4 milliard, yosh oilalarga uy-joy sotib olishga 234 milliard so‘m sarmoya ajratildi. Oliy ta’lim muassasalarida shartnoma asosida bilim olayotgan talabalarga 68 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar berildi.
– O‘tgan yili “Qishloq qurilish bank”dan 5 million so‘m imtiyozli kredit olgandim, – deydi “Bo‘stonliq-tosh” xususiy korxonasi rahbari, yosh tadbirkor Temur Abdullayev. – Mazkur mablag‘ evaziga 10 mingta jo‘ja xarid qilib, parvarishlashni boshladik. Yaqin kunlarda bozorga parhez go‘sht mahsuloti chiqaramiz. Kelgusida banklar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib, faoliyatimni kengaytirish niyatidaman.
Tijorat banklari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida kollejlar bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda. Joylarda yoshlar bilan uchrashuvlar, ko‘rgazmali seminarlar, tanlovlar o‘tkazilmoqda. Kam foizli sarmoyalardan unumli foydalanish maqsadida puxta biznes-reja tuzayotgan yoshlar safi kun sayin kengaymoqda. O‘tgan yili “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovlari orqali oltmish yigit-qiz 5 foizli, ikki yuz nafari esa 10 foizli imtiyozli sarmoya olish huquqini qo‘lga kiritdi.
Dastlabki sarmoyani maqsadli ishlatgan yoshlar kelgusida banklardan yana moliyaviy madad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Joylarda aynan yoshlar rahbarlik qilayotgan yuzlab korxona va firmalar tashkil etilib, ularda tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozorimizni to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, yosh tadbirkorlar o‘z yoniga tengdoshlarini chorlab, ularning ishbilarmonlik qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashmoqda. O‘tgan yili 250 ming nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlangani buning yorqin isbotidir.
Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, qishloq aholisini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, ularning maishiy turmush darajasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Namunaviy loyihalar asosida zamonaviy turar joylar, har bir viloyatda yosh oilalar uchun “Kamolot” uylari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. 2014-yilda topshirilgan 50 ana shunday uyning qurilishi uchun pudratchi tashkilotlarga tijorat banklari tomonidan 90 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan, “Qishloq qurilish bank” ijtimoiy hayotda faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda qulay sharoit yaratish maqsadida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida uchtadan uylarni qurish uchun 15,4 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratdi. Joriy yilning may oyida foydalanishga topshiriladigan mazkur uylar yosh oilalarga boshlang‘ich badal to‘lanmasdan 20-yil muddatga, 5-yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foiz stavkada berilmoqda.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.