Ilon Mask siyosatdan uzoqroq yurmoqchi
“Tesla” rahbari o‘zining hukumat vakili sifatidagi roliga ishora qilib, “Bu ishda bo‘lish menga juda qimmatga tushdi”, deya fikr bildirdi.
Endilikda Ilon Mask siyosat bilan kamroq shug‘ullanishini aytib, investorlarni kelgusi besh yil davomida kompaniya boshqaruvida qolishga ishontirdi. Ushbu bayonot aksiyalarning biroz o‘sishiga sabab bo‘ldi, deb yozmoqda “Euronews” nashri.
Mask shuningdek, siyosiy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish niyatida ekanligini ta’kidlagan. Xabarlarda aytilishicha, Mask Donald Trampning 2024 yilgi prezidentlik kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 250 million dollardan ko‘proq xayriya qilgan.
Milliarderga minglab federal ish joylarini qisqartirishda prezidentga yordam beradigan Hukumat samaradorligi departamenti boshlig‘i lavozimini taklif qilishdi, ammo uning siyosatga aralashuvi “Tesla”ga qarshi noroziliklarni keltirib chiqardi.
Musulmon Ziyo, O‘zA