Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida seminarlar hamda “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” mavzusida olimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlar zamirida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar orasida jaholat va ilmsizlik g‘oyalariga berilishning oldini olish hamda ularni ilm-fan, kasb-hunarga qiziqtirish kabi xayrli maqsadlar mujassamdir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatini akademiyaning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda dunyoda ilmsizlik va jaholat oqibatida yuzaga kelayotgan ekstremizm va terrorizm kabi balo barchani tashvishga solib kelayotganini qayd etdi. Buning oldini olish uchun esa yoshlarni ilm-ma’rifatli qilish, ularni komil inson qilib tarbiyalash dolzarbdir.

– bugungi kunda ilm-ma’rifat orqali jaholatga qarshi kurash dolzarb vazifaga aylandi, – dedi tarix fanlari doktori D.Maxsudov.
– Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ilm-ma’rifatni yuksaltirish asosida Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradi, eng avvalo, ta’lim-tarbiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Zero, ma’naviy yuksak va ilmiy jihatdan salohiyatli avlod jamiyat tayanchi bo‘ladi.
Akademiyada saboq olayotgan yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va talabalarga bilim olishda yanada ko‘proq tashabbus ko‘rsatishi kerakligi uqtirildi. Akademiya ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha talab va takliflar bildirildi.
N.Usmonova, O‘zA