Ilm yo‘lidagi zaxmatning rohati bo‘ladi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektorining talabalar bilan uchrashuvi samimiy muloqot tarzida o‘tdi.
– Aslida, sizlar bilan har kuni ko‘rishamiz, suhbatlashamiz – bizning ish faoliyatimiz shunday, – dedi universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Men rektorligimning ilk kunlaridan shu tarzda ishlashga o‘rganganman – ko‘proq talabalarni eshitaman, ularning fikrlari, taklif va tashabbuslari men uchun muhim. Chunki, bizning faoliyatimiz, maqsadimiz yoshlarimizga sifatli ta’lim berish, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga imkoniyat yaratish va shu orqali mamlakatimizda mazkur soha rivojiga xizmat qilishdan iborat. Bugungi kabi uchrashuvlar esa yilni sarhisob qilish, bir-birimiz bilan ochiq muloqotga kirishish uchun yana bir qulay fursat.
Uchrashuvda talabalar o‘quv jarayonlari, universitetda yaratilgan sharoit, qo‘shma ta’lim dasturlari va xorijiy davlatlardagi hamkor oliy o‘quv yurtlarida o‘qish, malaka oshirish yuzasidan rektorga murojaat qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ayrim yoshlar rektorning hayoti va ilmiy faoliyati bilan qiziqdi.
– Yakkabog‘ tumanida tog‘li qishloqda o‘sganman, – dedi X.Yunusov o‘z hayoti, ilm yo‘lida chekkan mashaqqatlari haqida gapirib. – O‘qituvchilarimizga havas qilib, ulardek ilmli inson bo‘lishga intilganmiz. Biz uchun ustozlarimiz shaxsiy hayotda ham, kelajakdagi maqsadlarimizni belgilab olishda ham namuna edi. Qishlog‘imizdagi maktab 8 yillik bo‘lib, keyinchalik umumta’lim maktabiga aylantirilgandi. O‘sha paytda mutaxassis yetishmasligidan Namangandan er-xotin o‘qituvchilar qishlog‘imizga ko‘chib kelib, kimyo-biologiyadan dars berishardi. Mening ushbu sohani tanlashimda shu ustozlarimning xizmatlari juda katta bo‘lgan. Albatta, maktabda hozirgidek sharoit yo‘q edi. Shunga qaramay, o‘qituvchilarimiz kichik imkoniyatlardan maksimal foydalanib, bizga dars berishardi. Laboratoriya mashg‘ulotlarini shunday qiziqarli tarzda o‘tishardiki, hech bir o‘quvchi bu darslarga befarq bo‘lmasdi. Keyin oliy o‘quv yurtida Moskvada o‘qidim, o‘z davrining yetuk olimlari saboqlarini oldim. Ilm yo‘lida ko‘p zahmat chekkanmiz va bugun shuning natijasini ko‘ryapmiz. Umuman, ilm-fan sohasida qiyinchilik ko‘rib, ularni yengib o‘tsangiz, zaxmat chekishdan cho‘chimasangiz, rohatini ko‘rasiz.
Keyingi yillarda yurtimiz ta’lim tizimidagi islohotlar va davr talabidan kelib chiqib tashkil etilgan mazkur oliy o‘quv yurtida bugungi kunda 6 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Qisqa vaqt ichida universitet dunyoning turli mamlakatlaridagi 100 ga yaqin oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan, o‘qituvchilar va talabalar xorijiy grant loyihalarida ishtirok etmoqda. Yaqinda universitetning besh nafar talabasi nufuzli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi.
Uchrashuvda bir guruh faol talabalar universitet rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari