Ilm va ma’rifat maskani aholi xizmatida
Ilm, tafakkur o‘zlikni anglash, dunyoni idrok etishning muhim vositalari hisoblanadi.
Davlat qudrati va yurt taraqqiyoti asosida ham ilm-fan, ma’rifat, yuksak ma’naviyat yotadi. Ilm va ma’rifat manbai esa albatta, kitob va kutubxonadir.
Doimiy kitob mutolaa qilgan, boy ma’naviy merosdan bahramand bo‘lgan har bir inson qalbi ilm va ma’rifat nurlari bilan baquvvat bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtimizda kitob o‘qish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, kitoblar nashr etish masalalari, shuningdek, mavjud kitoblarni kelajak avlodga sifatli yetkazish vazifasini bajarib kelayotgan kutubxonalar faoliyati rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni qariyb bir asrdan ko‘proq tarixga ega Z. M. Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot kutubxona markazi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Aholining kutubxonalardan erkin foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saqlanayotgan milliy-madaniy merosni asrab-avaylash, kitob jamg‘armasini boyitish bo‘yicha ham markazda samarali ishlar olib borilmoqda. Shunga hamohang xalqimizning kitobxonlikka munosabati ham o‘zgarib bormoqda. Boshqacha qilib aytganda, kitobning “obro‘”si oshmoqda. Kitob – bebaho boylik ekanini, mutolaa jarayonida inson qalbi, ongi va tafakkurida yuz beradigan o‘zgarishlarni boshqa biror mashg‘ulot bera olmasligini ko‘pchilik anglab yetmoqda.
Qariyb bir asrdan ko‘proq tarixga ega, viloyat aholisiga ilmu ma’rifat ulashib kelayotgan ziyo maskanlaridan biri bo‘lgan Z. M. Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot kutubxona markazi 1907 yilda 389 nusxa kitob bilan tashkil etilgan. bugungi kunga kelib kutubxona fondida 93 mingdan ziyod nomdagi 884 ming nusxaga yaqin kitob, shuningdek, 322 ming 197 ta kitobning elektron shakli mavjud. Bundan tashqari, 37 ming nafardan ziyod kitobxon markaz xizmatidan muntazaam foydalanadi.
Markazga oyiga o‘rtacha 2 ming nafarga yaqin kitobxon tashrif buyuradi. Ularning kitob o‘qib bilim olishi, vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun o‘quv zallari, elektron kutubxona bo‘limi, yoshlar bilan ishlash, o‘lkaga oid, xuquqiy adabiyotlar sektorlari, xorijiy tillarni o‘rganish zallarida barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, “Kutubxona ikkinchi oilam” klubi tashkil etilgan.
Kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatish uchun kitoblarni raqamlashtirish, elektron katalogni shakllantirish, ma’lumotlar va to‘liq matnli ma’lumotlar bazalari ham yaratilgan. Elektron ma’lumotlar bazasi orqali vaqti bo‘lmay yoki boshqa sabablarga ko‘ra kutubxonaga kelolmaydigan kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatiladi. Ularga qiziqishlari va so‘rovlari asosida internet orqali zarur axborotlar, elektron shakldagi adabiyotlarni yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Umuman, markazda turli loyihalarni amalga oshirish orqali aholini kutubxonaga jalb qilish, kitobxonlar safini kengaytirish va xizmat sifatini oshirshga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– 1965 yilda qurilgan viloyat kutubxona binosida o‘tgan davr mobaynida ta’mirlash ishlari olib borilmaganligi bois, keyingi yillarda binoning suv, kanalizatsiya, isitish, havoni yangilab turish tizimlari yaroqsiz holga kelib qolgan edi, – deydi Axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Nigoraxon Yuldasheva. – O‘tgan yili markazimizda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi, kanalizatsiya, isitish tizmlari, shuningdek, bino tomi to‘la yangilandi. Binoning old qismiga ayvon qurildi, kitoblar saqlanadigan yerto‘la va maxsus xonalarning osti betonlandi. Har bir qavatdagi o‘quv zallari o‘ziga xos dizayn asosida ta’mirlandi. Yuqori qavatlarga chiqib-tushish uchun lift o‘rnatildi.
Kutubxona kapital ta’mirlanib, eng avvalo, kitoblarni saqlash bo‘yicha belgilangan barcha talablarga javob beradigan, o‘quvchilar, muassasada ishlovchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, kutubxonada imkoniyati cheklangan fuqarolar, yakka tartibda shug‘ullanuvchilar uchun maxsus xonalar tashkil etildi. Bundan tashqari, kutubxona qoshida tashkil etilgan kichik yoshdagi kitobxonlardan iborat “Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, “Yosh ijodkor” klublari uchun ham alohida xonalar ajratildi.
– Kutubxonaning doimiy a’zosi sifatida bu yerga juda ko‘p kelaman, – deydi mehnat faxriysi Vositxon Ahmadxonov. – Hukumatimizga rahmat, kutubxona kapital ta’mirlandi. Ochig‘i, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlardan ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. Salqin, keng, yorug‘ o‘quv zallarida o‘tirib kitob o‘qishning gashti baribir boshqacha bo‘ladi.
Bugun viloyat kutubxonasi kitobxonlar bilan gavjum eng yirik ziyo maskani, qolaversa, zamonaviy, o‘ziga xos qiyofasi bilan Andijon shahrining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.
[gallery-6415]
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA