Ilm va innovatsiya yo‘lidagi iqtidorli pedagog
Meruyert Omonboyeva 1998-yil Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Meruyert bolaligidan ilmga chanqoq, intizomli va izlanuvchanligi bilan tengdoshlari orasida alohida ajralib turardi.
U dastlab Nurota tumanidagi qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida informatika yo‘nalishida tahsil oldi. Keyinchalik Navoiy davlat pedagogika instituti Fizika-matematika fakultetida Matematika o‘qitish metodikasi yo‘nalishini tamomlab, 2021-yilda imtiyozli diplomga sazovor bo‘ldi. Magistratura bosqichini davlat granti asosida muvaffaqiyatli yakunlab, oliy ta’lim tizimida pedagogik faoliyatini boshladi. Hozirda u Navoiy davlat universiteti “Boshlang‘ich ta’lim” kafedrasida o‘qituvchi sifatida samarali mehnat qilmoqda.
Meruyert Omonboyeva ilmiy faoliyatini talabalik yillaridan boshlagan. U texnika fanlari doktori, professor Dilnavoz Kamolova rahbarligida fizika va astronomiya fanlarini o‘qitish metodikasi bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning 50 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xalqaro jurnallarda chop etildi, shuningdek, Scopus, Web of Science va Google Scholar bazalarida ham e’lon qilingan.
Yosh olima bir qator uslubiy qo‘llanmalar va elektron darsliklarning muallifi hisoblanadi. Uning “Sharq astronomiyasi” va astronomiya tarixi bo‘yicha ishlarida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek merosi va uning ilmiy ahamiyati alohida yoritilgan.
M. Omonboyeva nafaqat ilmiy, balki tadbirkorlik sohasida ham faol. U “Yil talabasi”, “Eng yaxshi yosh olimlar”, “Intellektual izlanuvchi” kabi nufuzli respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan. 2024-yilda esa Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
[gallery-28032]
Bugungi kunda Meruyert Omonboyeva o‘z bilimdonligi, tashabbuskorligi va mehnatsevarligi bilan yoshlar uchun ibrat namunasiga aylangan. U ilmiy izlanishlar, pedagogik faoliyat va innovatsion g‘oyalar orqali mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA