Ilm va amaliyot uyg‘unlashadigan maydon
Milliy matbuot markazida IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, vazirlik hamda oliy o‘quv yurtlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Parpiyev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Q.Abulniyozov va boshqalar an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarining yanada kengayishida, sanoat tarmoqlarining innovatsion rivojlanishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2006-yil 7-avgustdagi “Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
2008-2015-yillar davomida o‘tkazilgan yarmarkalarda mamlakatimiz olimlari tomonidan yaratilgan 3900 ga yaqin innovatsion g‘oya va texnologiya namoyish etildi, 112 milliard 600 million so‘mlik 3100 dan ortiq shartnoma imzolandi. Natijada 1 trillion 800 milliard so‘mga yaqin qiymatdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi. 59 nomdagi yangi mahsulotni seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 54 ta shartnoma doirasida mahsulotlarning tajriba-sinov va sanoat namunalari yaratildi. Yuzdan ziyod korxona va fermer xo‘jaliklariga ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatildi.
IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida an’anaviy besh yo‘nalish – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari hamda fan-ta’lim sohalari uchun mo‘ljallangan 620 ga yaqin innovatsion g‘oya va ishlanma namoyish etiladi.
Bu galgi yarmarkada birinchi marta «Ekotexnologiyalar» yo‘nalishi tashkil etiladi. Unda atrof-muhit muhofazasi, tiklanishi va tozalanishini ta’minlovchi hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha respublikamiz ilmiy tashkilotlari va universitetlari tomonidan ishlab chiqilgan 50 dan ziyod texnologiya namoyish qilinadi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning e’tibori, sarmoyasini mamlakatimiz ilmiy muassasalari va oliy ta’lim dargohlari tomonidan yaratilgan eng ilg‘or texnologiyalarga jalb etish maqsadida «Yuqori texnologiyalar» yo‘nalishida 30 ga yaqin eng ilg‘or innovatsion texnologiya taqdim etiladi.
Yarmarkada iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, tashrif buyuruvchilar e’tiboriga yosh olim va talabalar tomonidan yaratilgan 70 ta ishlanma havola etiladi. Shuningdek, III «Yoshlarning innovatsion g‘oyalari» respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.
Toshkent xalqaro innovatsiya forumida mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda Shveytsariya, Bolgariya, Ispaniya, Polsha, Belgiya, Italiya, Janubiy Koreya, Rossiya, AQSh, Yaponiya singari davlatlardan yuzga yaqin olim va mutaxassis ishtirok etishi kutilmoqda. Forumning asosiy maqsadi globallashuv va zamonaviy tahdidlar sharoitida O‘zbekistonda innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Yarmarka doirasida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan Yaponiyaning «Honda» fondi va Yaponiya siyosiy tadqiqotlar milliy instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston – Yaponiya simpoziumi o‘tkaziladi. Unda ekotexnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari va tatbiq etishning dolzarb masalalari muhokama etiladi.