Ilm-fanga baxshida umrlar
Ilm-fandagi uzilishlar jamiyat, turli sohalar taraqqiyotiga salbiy ta’sir etishi barchaga yaxshi ma’lum. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari ilm-ma’rifat, unda avvallari shiddat bilan rivojlangan maktablarni qayta tiklashga, olimlarimizning boy merosini o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratayotgani bejiz emas.
2020 yil – Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili
Ayniqsa, "Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili", deb nom olgan joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Matematika barcha fanlarning debochasi, ta’bir joiz bo‘lsa, qiroli sanaladi. Hayotimizdagi biror jabha yo‘qki, ushbu fan bilan uzviy bog‘lanmagan bo‘lsa. Hatto insonning elementar to‘g‘ri va mantiqiy fikrlay olishi, vaziyatga to‘g‘ri baho berib, oqilona qaror qabul qilish qobiliyati ham matematikani qay darajada puxta o‘zlashtirganligiga borib taqaladi. Ayni damda mamlakatning taraqqiyoti, aholi farovonligi matematika, geologiya kabi fanlarning rivojiga daxldor sanaladi.
2020 yil 30 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog» faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining imzolanishi ham ushbu fanlar va geologiya sohasini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 noyabrdagi farmoyishiga muvofiq, joriy yilda bir guruh ustoz ijodkorlar bilan birga atoqli matematik olim Sa’di Sirojiddinov hamda geolog Ibrohim Hamroqulov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash belgilandi.
Atoqli akademik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sa’di Hasanovich nainki yurtimizda, balki xorijda ham nom qozongan olimlardan edi.
O‘rta Osiyo universitetini tugatgan S.Sirojiddinov Moskva universitetida katta ilmiy xodim, O‘rta Osiyo universitetida professor, kafedra mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matematika instituti direktori, ToshDU rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan.
Olimning ilmiy ishlari ko‘p o‘zgaruvchili klassik ko‘phadlarning muhim xossalariga bag‘ishlangan. Ayni paytda matematika bilimdonining tadqiqotlari o‘tgan asrning 50-yillarida Toshkent matematika maktabining yanada yuksalishiga olib keldi.
S.Sirojiddinov ehtimollar nazariyasi sohasidagi yutuqlarni matematik statistikaga qo‘llashga muvaffaq bo‘lgan. U ommaviy xizmat ko‘rsatish nazariyasi, statistikaning turli sohalari, statsionar jarayonlar nazariyasi va boshqa sohalarda ham keng ko‘lamda tadqiqot olib borgan. O‘rta Osiyo mutafakkirlarining ilmiy merosini o‘rganish, ayniqsa, O‘zbekiston uchun yuqori malakali matematik mutaxassislar tayyorlashda Sirojiddinov domlaning xizmatlari katta. Ustoz matematik, shuningdek, yosh matematiklar maktabini tashkil etish, Respublika yosh matematiklar olimpiadasini o‘tkazishga ham hissa qo‘shgan insonlardan edi.
Sirojiddinov Bernulli nomidagi xalqaro matematik statistika va ehtimollar nazariyasi jamiyati (Niderlandiya)ning haqiqiy a’zosi edi.
Geologiya fani fidoyisi Ibrohim Hamroboyev mamlakatimizning XX asrdagi geologiya maktabi asoschilaridan biri bo‘lgan.
Qimmatli metallarga boy konlarni aniqlash, ularni o‘rganish, topish g‘oyat katta bilim, zahmatli mehnatni talab etadi. Ibrohim Hamroboyev bu borada g‘oyat samarali izlanishlar olib borgan akademik olimlardan sanaladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u O‘rta Osiyo davlat universitetining geologiya fakultetini tugatib, Choruxdayron geologiya-qidiruv partiyasi va Pomir ekspeditsiyasida geolog sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Olim O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya va bo‘lim mudiri, institut direktorining fan bo‘yicha o‘rinbosori, shu ilmiy jamoa direktori va konsultanti, Fanlar akademiyasi Yer haqidagi Fanlar bo‘limi raisi bo‘lib faoliyat yuritgan.
Zahmatkash olimning ilmiy ishlari, asosan, O‘rta Osiyo magmatizmi, ayrim majmuali formatsiyalarning geokimyoviy va metallogenik xossalariga bag‘ishlangan. 1950 yillarda O‘rta Osiyoda oltin bilan margimushning uzviy paragenezisini aniqladi. Shu asosda bir qator yangi oltin konlari topildi. Hamroboyev oltinli ruda konlari hosil bo‘lishida Yer ichki tuzilishining ahamiyati haqidagi g‘oyani rivojlantirdi, O‘zbekistonda oltin va boshqa muhim rudalarni qazib chiqarish sanoatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish bilan birga, O‘zbekistonning metallogenik xaritasini tuzgan olimdir.
Ustoz geolog xalqaro geologik kongresslarning ko‘p marta ishtirokchisi bo‘lgan. I.Hamroboyev nomiga yangi topilgan mineral – hamroboyevit qo‘yilgan.
Ha, atoqli olimlarimizning xotirasini ardoqlash, ularning hayot yo‘li, ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish bugun ilm-ma’rifatga astoydil intilayotgan mamlakatimiz, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun g‘oyat muhimdir.
N.USMONOVA, O‘zA