Ilm-fan sohasiga zamonaviy yondashuv
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan ilmiy maqolalarning yozilish uslubi, ularni nufuzli jurnallarda chop etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan ilmiy maqolalarning yozilish uslubi, ularni nufuzli jurnallarda chop etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi. Unda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, doktorantlar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimiz yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotgani, mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan ekanini alohida ta’kidlagan edi.
Qisqa fursat ichida mamlakatimizda ilm-fan sohasiga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, ilmiy ishlar sifati va samaradorligini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida xalqaro nufuzli ilmiy jurnallar va ilmiy-tahliliy ma’lumotlar bazasi – Web of Science tizimiga milliy obuna joriy etildi. Endilikda Clarivate Analytics (AQSh) kompaniyasi ushbu tizimdan samarali foydalanishni tashkil etish, yosh olimlar va doktorantlarga ilmiy maqolalar tayyorlash va ularni yuqori impakt-faktorga ega bo‘lgan ilmiy nashrlarda chop etish tartib-qoidalari haqida seminar-treninglar o‘tkazmoqda.
Xo‘sh, Web of Science tizimi nima? Yuqori impakt-faktorli jurnal qanday tavsiflanadi?
– Web of Science tizimi olimlarimizning ilmiy tadqiqotlari salohiyati va raqobatbardoshligini, ilg‘or ilmiy-texnika adabiyotlari va jahon ma’lumotlar bazalaridan foydalanishni ta’minlash, mamlakatimizda ilmiy ishlarni chop etish faolligini oshirish hamda xalqaro kooperatsiyani rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari O.Parpiyev. – Mazkur tizimda 18 mingdan ortiq jurnal, ko‘plab ilmiy maqolalar mavjud. Endilikda ushbu tizim orqali tadqiqotchilarimiz dunyo olimlarining ilmiy ishlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda. E’tiborlisi, tizimdagi jurnallarning asosiy qismi impakt-faktorga ega. Ya’ni bu jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalardan tadqiqotchilarning foydalanganlik darajasi yuqori yoki doimiydir.
Seminar-treningda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.