Ilm cho‘qqisi tomon odimlayotgan qiz
Zulfiyaxonim izdoshlari
Bugun yurtimizda xotin-qizlarning o‘z iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga e’tibor qaratilgan. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun turli tanlovlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilib, munosib taqdirlanmoqda. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilganligi, ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari sohalari va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan hamda o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarning mazkur mukofot bilan taqdirlanishi esa ularning faoliyatiga berilayotgan yuksak baho, desak mubolag‘a emas.

Navoiy davlat universiteti (avvalgi Navoiy Davlat pedagogika instituti) o‘qituvchisi Meruyert Omonboyeva ham ana shu nufuzli mukofot sovrindorlaridan biridir. U Prezidentimizning 2024 yil 4 martdagi qaroriga asosan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
M.Omonboyeva 1998 yil 12 mayda Navoiy viloyati Nurota tumani Temirqovuq qishlog‘ida tug‘ilgan. U 2014 yil 2-Nurota qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejini tugatgach, 2017 yilda Navoiy Davlat pedagogika institutining Fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirib, uni imtiyozli diplom bilan tugatdi va 2021 yilda davlat granti asosida “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi” (matematika) mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani tamomladi.

– Men bilim olish bilan birga tadbirkorlikni ham yo‘lga qo‘yib, “Qosim xoji – Meruyert” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari sifatida ham faoliyat olib boraman, – deydi qahramonimiz. – MCHJ hisobida 500 gektar yer maydoni bo‘lib, asosan qorako‘l zotli qo‘ylarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanamiz. Shuningdek, echkichilik, dehqonchilik, poliz ekinlarini yetishtirish, parrandachilik, chakana savdo, yem-xashak tayyorlab sotish kabi ishlarni ham bajaramiz. Bugungi kunda jamiyatda 10 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan. Chorva mollarining mavsumiy ko‘payish vaqtida yana 10 nafar ishchi kunlik ish jarayonlariga jalb qilinadi.

M.Omonboyeva tadbirkorlik faoliyatida bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, “Tadbirkor qizning eng yaxshi loyihasi – 2017” tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, o‘sha yili “Qishloq xo‘jaligi sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” nominatsiyasi g‘olibasi bo‘lgan. Ushbu tanlovlardagi g‘oliblik va ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirdi.
Faoliyati davomida u O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika Markazining qisqa muddatli o‘quv kursini, Fermerlar maktabida fermer xo‘jaliklari rahbarlari va ishchi-xodimlari uchun tashkil etilgan intensiv o‘quv kursini tugatgan.

U talabalik yillari va ish faoliyati davrida ham ilm olish bilan birga turli tanlovlarda faol ishtirok etdi.
Jumladan, 2020 yilda Rossiya Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadasida faol ishtirok etib, 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Yil talabasi – 2020” tanlovida “Yilning eng namunali tadbirkori” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2020-2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.
Meruyert Omonboyeva 2021 yilda Qozog‘iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining “Eng yaxshi yosh olimlar – 2021” xalqaro tanlovi, Rossiya Federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadasida, 2022 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining “Eng yaxshi ilmiy tadqiqotchi” xalqaro tanlovida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Ixtirochi ayol – 2022” tanlovida “Tadbirkorlik bo‘yicha eng yaxshi loyiha” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

U 2023 yilning 21 yanvar kuni Toshkent davlat transport universitetida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonda innovatsion tadqiqotlar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida tashkil etilgan “Intellektual izlanuvchi” xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik tanlovida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan hamda “Intellektual izlanuvchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Ilg‘or tadqiqotlar ilmiy markazi tomonidan tashkil etilgan “Xalqaro ilmiy Forum”da ishtirok etib, “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasida g‘olib bo‘lib, “Ilm-fan iftixori” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Hozirda Navoiy davlat universitetining “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi o‘qituvchisi M.Omonboyeva texnika fanlari doktori (DSc), professor Dilnavoz Kamolova rahbarligida “Fizika va astronomiya fanlarini o‘rganishda matematik amallardan foydalanish metodikasi” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

– Shogirdim fikri teranligi, bilimdonligi bilan professor-o‘qituvchilar va talabalarning hurmatini qozongan iqtidorli kadrlardan biri hisoblanadi, – deydi Meruyertning ustozi D.Kamolova. – U oliy ta’lim muassasasiga kelgan ilk davrlaridan boshlab, ilmga intilishi, qiziquvchanligi bilan alohida ajralib turardi. Meruyert o‘tkazib kelinayotgan anjuman va konferensiyalarda muntazam ravishda o‘zining ilmiy va ommabop ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Ilmiy tezis va maqolalari ayni vaqtdagi dolzarb mavzularni qamrab olganligi hamda o‘qitish jarayoni uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarga boyligi bilan o‘z dolzarbligi va jozibadorligini saqlab kelmoqda. Bugungi kunga qadar uning 100 ga yaqin ilmiy tezis va maqolalari respublika hamda xalqaro miqyosdagi ilmiy, amaliy, uslubiy anjuman va konferensiyalarning to‘plamlarida chop etilgan. Shuningdek, yosh ijodkorning “Matematika fanining ehtimollar nazariyasi va matematika statistika bo‘limi”, “Oliy matematika fanining matematik fizika tenglamalari bo‘limi”, “Astronomiya fanining rivojlanishiga hissa qo‘shgan O‘rta Osiyo mutafakkirlari. Astronomiya fanini o‘qitishda xalq rivoyatlarining ahamiyati”, “Sharq astronomiyasi” nomli uslubiy qo‘llanmalari universitet ilmiy kengashida muhokama qilinib, ijobiy baholangan hamda nashr uchun tavsiya etilgan.
Meruyert Omonboyeva Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan tasdiqlangan 7 ta elektron darslik va o‘quv qo‘llanmalarining muallifi hisoblanadi. Ushbu elektron darslik va o‘quv qo‘llanmalar o‘zining dolzarbligi, zamonaviyligi hamda foydalanishga qulay bo‘lganligi sabab, uzluksiz ta’limning barcha bo‘g‘inlarida keng foydalanib kelinmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri