Ilk va soʻnggi soʻzimiz: VATAN!
“Vatanga qoʻriqchilar emas, posbonlar kerak”, degan edi fransuz shoiri Rene Shar.
“Vatanga qoʻriqchilar emas, posbonlar kerak”, degan edi fransuz shoiri Rene Shar. Qoʻriqchilar emas, posbonlar deyilyapti, demak, farq bor. Zotan, polizga oʻrnatilgan “qoʻriqchi” — tulumning ham vazifasi bor – hosilni xavfdan qoʻrimoq!.. Posbon soʻzi esa harchand biz bugun huda-behuda takrorlayverib, qiymatini tushirib yuborgan boʻlsak-da, mohiyat-eʼtibori bilan oʻzida jonfidolikni ifoda etadi.
Albatta, Vatanni sevish, unga fidoyi boʻlish uchun oʻlish shart emas. Balki shu yoʻlda, kerak boʻlsa, oʻlimni boʻyinga olish, millat va ona tuproq shaʼni uchun bilvosita har qanday xatar yuziga tik boqishni anglatadi bu muhabbat. Vatan millat idroki bilan mavjuddir. Yanayam soddaroq aytsak, millat Vatanning ustunidir. Shu tuproq ustida yashagani uchun emas, uni sharaflagani, shuhratga burkagani va nihoyat, shu zaminni Vatan bilgani uchun ham unga uygʻundir.
Qullarning tarixi boʻlmaydi, degan gap bor. Buni oqsuyaklar aytgan boʻlsa-da, bunda qisman haqiqat ham yoʻq emas. Zotan, mustamlaka elning tarixini istilochilar yozadi. Biz ana shunday achchiq kunlarni koʻrgan, azobini totgan millatmiz. Biroq koʻngilda bir ishtiboh borki, mana shu ulugʻ neʼmat qadrini anglayapmizmi yoxud ozodlik degan totli soʻz bir estetik tushuncha oʻlaroq bizga nelarni anglatadi? Vatanga fidoyi boʻlish, millatparvarlik, yurt qaygʻusida riyozat chekish bugun qanchalar oʻrinli va ahamiyatli?!.
1
Qatagʻon davri qurboni boʻlgan buyuk jadidchi bobomiz Abdurauf Fitrat “Ey ulugʻ Turon, arslonlar oʻlkasi! Senga ne boʻldi? Ey, Chingizlarning, Temurlarning, Oʻgʻuzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdigʻing yuksak oʻrinlar?”... deya oʻkinganda, shu moʻtabar tuproq erki uchun shirin jonini tikkanda nelarni oʻylagan, koʻzidagi qonli yosh bilan ne oʻrinlarni iddao qilgan?! U bundayin jurʼatni qaydan olgan, qalbidagi choʻng otashning oti ne?.. Aslini olganda, vatanparvarlik, milliyotchilik kabi tuygʻular bizga begona emas. Moʻtabar zaminimiz Alp Er Toʻnga, Toʻmaris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurdek minglab buyuk vatanparvar farzandlari bilan tarix sahnida oʻz oʻrnini topgani bunga bir misoldir. Dunyo ahlini lol qoldiradigan buyuk oʻtmishimiz, madaniyat va sanʼatimiz, qadriyat-u anʼanalarimiz shu ulugʻ ajdodlarimiz zakosi mevasi, aslida.
Xoʻsh, insoniyat toʻliq taraqqiyotga erishgan, deya iddao etilayotgan, barcha qadriyatlarga umuminsoniy nuqtayi nazardan fatvo berishga urinilayotgan bugungi kunda VATAN va MILLAT tushunchalarining oʻrni qayerda boʻlishi kerak?! Quyidagi mulohazalarimiz shular xususida...
2
Darvoqe, bu jabhada bir narsaga oydinlik kiritib olish kerakki, bu taqriban shunday: yangilanayotgan Oʻzbekiston zamonaviy hamjamiyatga oʻz milliy qiyofasi bilan yuz tuta oladimi, umuman, madaniyatlar qorishib ketayotgan bugungi global dunyoda mafkuraning oʻzi kerakmi? Umummilliy taraqqiyotimizda mafkuraning oʻrni qanday? Ziyolilar, rahbarlar, oddiy odamlar uchun milliy mafkura nima? Mamlakatimizda milliy mafkurani shakllantirish va targʻib etish siyosati mavjudmi?..
Bu savollar mohiyat-eʼtibori bilan 130-yil qaramlikda boʻlgan milliy tafakkurimizni “qutqarishda” muhim ahamiyat kasb etadi. Tan olish kerakki, kechayotgan 30 yilga yaqin vaqt ichida jamiyat “siyrati”ning oʻzgarishi qiyin kechdi. Bu bir tomondan oʻtish davridagi mahdudlik bilan baholansa, ikkinchidan, davlatning oʻzi jamiyatning milliylashuvidan choʻchidi, uni keskin nazoratda ushlab turdi. Bugungi Oʻzbekiston hukumati harakatlari esa bu borada qozilikni emas, mazkur ijtimoiy jarayonga ragʻbatni nazarda tutadi. Zotan, jamiyatni hukumatning siyosiy mayllariga qarab emas, balki milliy anʼanalar va tarixiy oʻzlikka mos tarzda modernizatsiyalash koʻzlanayotgan maqsad – davlatning milliy qiyofasini shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. Shu narsa bugun aniq koʻrindiki, boya aytganimizdek, ortda qolgan chorak asrdan oshiq vaqt davomida ham biz toʻliq milliylasha olmabmiz. Bu fenomen, eng avvalo, tafakkurimizda koʻrinib turibdi.
Men umrimning koʻp qismini mafkuraviy sohada oʻtkazganim uchun gʻoya, ayniqsa, milliy gʻoyaning jamiyat hayotiga taʼsirini chuqurroq his etaman. Shu maʼnoda, bugun Prezidentimiz deyarli har bir yigʻilishda, joylardagi uchrashuvlarda milliy gʻoya, vatanparvarlik haqida toʻlqinlanib gapirganida, zarur topshiriqlar berganida, bu borada odamlarga kuyinib murojaat qilganida, uning qiyofasida bir vatanparvar inson siymosini koʻraman. Yurtparvarki, bitmas yerosti va usti boyliklariga, mehnatkash va fidoyi xalqqa, saxiy tabiatga ega yurtning abgor ahvolidan koʻngli oʻksik, biroq koʻzlarida oʻt chaqnagan chin Vatan oʻgʻloni...
Bu jarayonlar, muarrixlar tili bilan aytganda, tarixiy zaruratdir. Negaki, “oqqan daryo oqadi” deganidek, daryo oʻz oʻzaniga qaytishi adolatdan edi. Zotan, oʻzingiz oʻylang, tarixda oʻnlab saltanatlar tuzgan, jahonga minglab allomalar bergan, zimiston davrlarda insoniyat tamadduni gʻildiragini hidoyat sari boshlagan, oʻz aql mashʼali bilan kishilik jamiyati yoʻlini yoritgan millat shu oʻringa munosibmidi? Ehtimol, Fitrat dunyoning mana shu adolatsizligiga qarshi isyon qilgandir? Uning Vatan va millat sevgisiga toʻla yuragini shu otash kuydirgandir?.. Oʻrni kelganda shuni aytish kerakki, bugun endi yashirishning hojatiyam, ilojiyam qolmagan bir haqiqat – biz ham iqtisodiy, ham ijtimoiy parametrlarda dunyoda ancha quyida ekanimizni tan oladigan vaqt keldi. Nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy, balki madaniy-maʼrifiy sohada ham saflarning soʻnggida ekanmiz. Lekin kulgili holat shundaki, uzoq yillar shuni goʻyo yashirdik, yolgʻon raqamlarga qarsak chaldik. Oqibatini esa bugun koʻrib turibmiz...
...Milliy tafakkurning shakllanishi mohiyat-eʼtibori bilan ozodlikni qoʻlga kiritish bilan barobardir. Zotan, shaxs oʻzligini anglamas ekan, u mustabiddir. Bugungi jamiyatimizdagi ogʻriq esa ongimizdagi mana shu turgʻun “instinkt” bilan koʻp jihatdan bogʻliq. Bu koʻproq katta avlod harakatlarida koʻzga tashlanadi. Til, tarix, milliy qadriyatlar, madaniyat va sanʼatimizga boʻlayotgan nopisandlikni koʻpchilik hollarda biz, kattalar bolalarimizga “yuqtiryapmiz”. Deyarli koʻpchiligimiz haliyam “sovetcha” madaniyatimiz bilan farzandlarimizga oʻrnak boʻlmoqchi boʻlamiz. Koʻp masalalarda ular bilan chiqisholmaymiz.
Yaqinda bir tanishim nabirasi pasport olayotib, sharifdagi bir-ikki harfni oʻzgartirib, yaʼni familiyasini “Yarkulov” oʻrniga “Yorqulov” deb toʻgʻrilab kelganiga xunob boʻlib, bugungi yoshlar quloqsiz boʻlib ketdi, deya jiddiy zorlandi. Aslini olganda esa, bizning milliy oʻzandan uzoqlashuvimiz aynan mana shunday mayda detallarda zuhr boʻladi. Biz shunday “tarbiyalandik-ki”, ota-bobolarimizning ismidan uyaladigan boʻldik. Ona tilimizda gapirish madaniyatsizlik belgisidek tuyula boshladi. Holbuki, Til – millatning joni, tomirda oqayotgan qonidir. Usiz hech bir millat barkamol emas. Mana, maʼrifatparvar bobomiz Alixontoʻra Sogʻuniy bu haqda nima degan edi: “Arabcha, forsiychalarni yozish-soʻzlashgina emas, balki bu ikki tilda kitob yozish, sheʼr aytish qobiliyati menda boʻlsa ham, oʻz turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq koʻrdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili oʻz hojatini oʻtayolmay, boshqa yot tillar oldida magʻlubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat koʻp uzoqlamay, insoniy tuygʻularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolgʻizgina Vatanlaridan emas, balki butun borligʻi bilan tarix yuzidan yoʻqolishga majbur boʻladi”.
Tarixning guvohlik berishicha, har bir istilo xalq xotirasida oʻnglanmas asorat qoldiradi. Hozirgi avlod buni oqposhsho istilosi, ayniqsa, shoʻro siyosati, kommunistik mafkura zulmi misolida yaqqol koʻrishi mumkin. Albatta, oʻtgan tarixiy silsilalar milliy oʻzligimizga yetkazgan ziyon va tushunchalar yuqorida aytganimizdek, hamon ong ostida yashab kelayotir. Haliyam millatning qoni toza, iymoni salomat ekanki, mudom aslini saqlab keldi. Holbuki, tarixda qanchadan-qancha xalqlar tillarini yoʻqotibgina qolmay, oʻzi ham yoʻq boʻlib ketgan. Bunga bir misol. Hazar (bugungi Kaspiy) dengizi boʻyida qadimda Hazar saltanati boʻlgan. Undan bugun urvoq ham qolgan emas. Bilasiz, lotin tili oʻz zamonida koʻplab tamaddunga beshik boʻlgan. Qani u hozir? Ularni yemirgan begona madaniyatlar, yot urf-odat, yaʼni ekspansion mafkuralar. Bugun tobora globallashib borayotgan, bizdan farzandlarimizni tortib olishga urinayotgan dunyoda bir millat sifatida oʻzligimizni, ota-bobolarimiz tutgan tutumni saqlab qolishga ham ruhan, ham maʼnan tayyormizmi?! Yetti yot mafkuraviy tazyiqlarga qarshi qanday choralar qoʻllamogʻimiz kerak?
Shu maʼnoda gapiradigan boʻlsak, milliy gʻoya va mafkura bugun suv va havodek zarur. Eng avvalo, TAʼLIM TIZIMIni milliylashtirish, sohaga yangi uslublar joriy etish kechiktirib boʻlmas masaladir. Taʼlim-tarbiyada ehtiyotkorlik, buzgʻunchi va vayronkor gʻoyalardan bolalarimizni asrash ertangi porloq kunimiz garovi ekanini unutmasligimiz kerak. Zotan, bolaning tafakkuri bogʻcha va maktabda shakllanadi. Shu yerda u Vatan, Millat degan tuygʻularni qalbiga singdiradi. Demak, maktabgacha taʼlim tizimida milliy metodika yaratishimiz kerak boʻladi. Bu bizda hozirgacha yoʻq. U nima degani? Bu avvalo, tizimni tamomila milliylashtirish, bogʻchalarimizdagi tarbiyani milliylashtirish deganidir. Farzandlarimiz bogʻchada xalq ertaklari, dostonlarimiz qahramonlari jasoratlari va xalq ogʻzaki ijodi namunalari, milliy musiqa va qoʻshiqlarimiz jozibasidan bahramand boʻlib ulgʻaysa, oʻzbekcha salom-alik, muomala madaniyatini oʻrgansa, oʻylaymizki, bizni bugun qiynayotgan muammolarga oʻrin qolmaydi. Qolaversa, “oila inqirozi” xatarga aylanayotgan bugungi zamonda bu yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi. Aks holda, bugun qoʻlidagi telefondan bosh koʻtarmay, murgʻak bolaga “svoloch” deb oʻshqiradigan bogʻcha opadan farzandimiz nima oʻrganadi? Bunday tarbiyasiz tarbiya bizni qayoqqa olib boradi?!
Oʻrni kelganda shuni qayd etish kerakki, Yaponiya boshlangʻich taʼlimida oʻqish bilan birdek milliy tarbiya masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratiladi. Yaʼni yapon bolalari ovqatlanish madaniyati, kiyinish va salomlashish-u milliy til va qadriyatlarga hurmat koʻnikmasini murgʻakligidayoq ongiga singdiradi. Buni davlat oʻz zimmasiga olgan. Shuning uchun ham yaponlar milliylik jihatdan beqiyos bir millatdir.
Xalq taʼlimida ham uzoq yillardan buyon faqat gapirilib, ammo amalga oshishi qiyin kechayotgan muammolar serob. Xususan, maktablar taʼlim dasturini toʻliq qayta koʻrish, bu borada maxsus hukumat komissiyasi tashkil etish bugun muhimdir. Darsliklar saviyasi, sifati va mazmun-mohiyati keskin islohga muhtoj. Ayniqsa, bolalarimizga oʻqitilayotgan tarix, ona tili va adabiyot kitoblari mundarijasi va dars soatlarini oʻylab koʻrish, xususan, adabiyot darsliklarini qadimgi turkiy xalqlar ogʻzaki ijodi va folklori, yozma adabiyoti namunalari bilan yanada boyitish, turkiy xalqlar tarixini, tilini izchil oʻrgatish lozim. Negaki, ajdodlarimiz shu zaminda palak yoygan. Bizning chin tariximiz umumturkiylar tarixidir. Achinarlisi, maktab darsliklari sovet davri pedagogikasi metodologiyasidan toʻliq voz kecha olgani yoʻq.
Vaholanki, bu metodologiyaning bosh maqsadi milliylikdan begonalashtirish edi. Milliy tarbiyani shakllantirish va taʼlimni milliylashtirish biz, katta avloddan farzandlarimizgayam “yuqqan” sovetcha tafakkurni yemiradi, milliy ong shakllanishida yetakchi omil boʻladi. Bolalarimiz qalbida qadim millatimiz tarixiga faxr-iftixor uygʻotadi.
Lekin bugun, zamon shundayki, global dunyoda madaniyatlar qorishuvi yuz bermoqda. Bolalarimiz chet ellarda taʼlim olmoqda, xorij oʻquv yurtlari mamlakatimizda shoʻbalarini ochmoqda. Bu zamon talabi, albatta. Lekin ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan odam, mamlakatda taʼlim tizimiga oʻzga davlatlar oʻquv muassasalarining kirib kelishi milliy kayfiyatdagi ziyolilarga xush kelmayotganini darrov payqaydi. Ular bir jihatdan haqdir. Negaki, bunda mamlakatda chet tilida dars oʻtilsa, xorijiy zabon orqali oʻzga jamiyatlar mafkurasi kirib keladi va oxir-oqibat maʼnaviy mustaqilligimiz yana xavf ostida qoladi, degan hadik bor. Albatta, til oʻrganish shart. Rivojlangan davlatlar taʼlim tajribasini ham. Lekin bular bizning tilimiz va milliy oʻzligimizga taʼsir etmasligi kerak.
3 Prezidentimizning bugun kuyib-pishib vatanparvarlik va milliy gʻoya haqida gapirishlari bejiz emas. Chunki mustaqil boʻlganimizga qariyb 30 yilga yaqin vaqt boʻlayotirki, milliy masalaning koʻpgina jabhalarida hali-hamon aniq qarorimiz yoʻq. Masalan, tarix, til va imlo, etnik lugʻat, oliy taʼlim-u maorif sohalaridagi beqarorlik hamda eskicha tutum, davlat va jamiyat boʻgʻinlarida, ilm-fan va siyosatda xorijiy tildan foydalanishimiz maʼnan toʻliq mustaqil boʻla olmaganligimizni koʻrsatib turibdi. Istiqlolning ilk yillarida boshlangan milliyotchilikdagi islohotlar boshqalariga oʻxshab shundoq qolib ketgan.
Soʻzimiz boshida koʻndalang qoʻyilgan savollarga javoban shuni aytamizki, jamiyatni rivojlantirish va davlatni mustahkamlashda milliy gʻoyaning oʻrni beqiyos. Zotan, bugun eng qudratli, deya eʼtirof etiladigan AQSH, Angliya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlar siyosati ham milliy bir gʻoya ustiga qurilgan. Shu maʼnoda, Prezidentimiz bugun eng global darajaga olib chiqayotgan vatanparvarlik va milliy mafkura masalasi xalqimiz uchun hayot-mamot masalasidir. Bu borada, eng avvalo, yuqorida eslaganimizdek, taʼlim sohasi va ona tilimizga boʻlgan munosabatimizni qayta koʻrishimiz kerak boʻladi. Zotan, vatanparvarlik ham millatni sevish koʻnikmasi, avvalo, oiladan, maktabdan, qolaversa, biz har kuni muomala qiladigan tildan oziq oladi. Milliy til mafkuraning muhim asosi ekan, demak, bu boradagi harakatlarni jadallashtirishimiz kerak boʻladi. Buning uchun hukumatimiz barcha jabhalarda davlat tilini qoʻllab-quvvatlashi, uning tom maʼnoda davlat tiliga aylanishi uchun zarur choralar qoʻllashi kerak.
Koʻpincha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan hukumatga nega chiqarilayotgan qaror va hujjatlar rus tilida tayyorlanib, keyin oʻzbek tiliga oʻgiriladi, deganga oʻxshash haqli savollar beriladi. Buning ikki sababi bor, nazarimda. Birinchidan, bu oʻsha hujjatlarni tayyorlayotgan mutaxassislarning oʻzbek tilida ish yuritishda yetarli malakasi yoʻqligi bilan baholansa, ikkinchidan, bizda mustaqillikdan keyin tilning isloh qilinmagani bilan bogʻliq. Zotan, sovet zamonida yaratilgan oʻzbek adabiy tili bugungi milliy taraqqiyotimiz bilan hamohang emas. Buning maʼnaviy hayotimizdagi asoratlarini allaqachonlar sezib ulgurdik. Xususan, adabiy til meʼyorlarining qatʼiylashmagani, bir butun xalq soʻzlashuv tilini qamrab olmagani jamiyatda “koʻpovozlikka”, shevalarga yoʻl ochib berdi. Bu esa nafaqat davlat ish yurituvida, balki kino va teatrda, sanʼatda sovetcha “jargon” soʻzlarning tegirmoniga suv quymoqda. Milliy tilimiz rivojlanayotgan, texnika asri “ummoni” oʻzanlaridan uzoqda qolib ketdi. Bizda bugungacha huquqiy yoki iqtisodiy milliy terminologiya yaratilgan emas. Shuning uchun ham oddiy odamlar chiqarilayotgan hujjat va qarorlarning “tili”ni tushunolmay xunob boʻlishadi. Yana bir eʼtiborli jihat shundaki, bugun zamonaviy mavzularda sof oʻzbekcha suhbat qurishning imkoni boʻlmay qoldi. Ehtimol, shuning uchun tilimizda ajnabiy soʻzlar miqdori keskin oshib ketdi.
Eʼtibor qiling, bugungi yoshlar gaplashayotgan oʻzbekcha bilan katta avlod gurunglashayotgan ona tilimiz orasidagi farq xiyla kengaygan. Bunday jiddiy sabablar til bilan bogʻliq siyosatimizni qayta koʻrishimizni taqozo etadi, albatta. Qolaversa, davlat tilining sofligini saqlashda, uning amalda ijrosini taʼminlashda fuqarolarimiz, jamoatchilik ham faol boʻlmogʻi kerak. Oʻzingiz oʻylang, olis Zafarobodning chekka bir ovulida ish yuritayotgan oshxona peshtoqiga “Mы otkrыlis” degan yozuvni ilib qoʻyish kimga kerak?! Bu ovloqda oʻris tilini biladigan mardumning oʻzi boʻlmasa, ayniqsa! Taassufki, mana shunday beparvolik, tilimizga bepisandlik bugun zamonaviylik belgisi tusini olgan.
Gap koʻchadagi reklama yozuvlari, eʼlonlar-u yorliqlar hamda bezaklar haqida ketar ekan, bu borada yana talay nuqsonlarimiz koʻzga tashlanadi. Shaharlarimiz badiiy-maʼnaviy landshaftini yaratishda bu ishga javobgar boʻlgan tashkilotlar, xususan, hokimliklar, Madaniyat vazirligi va Badiiy akademiyaning ishtiroki umuman sezilmaydi. Keyingi vaqtlarda kentlarimiz koʻcha va xiyobonlarini bizning ruhiyatimizga begona boʻlgan yevropacha bezaklar egalladi. Birgina keyingi yilda poytaxt koʻchalari Gʻarb syurrealizm va avangard sanʼatiga taqlidan qilingan illyustratsiyalarga toʻlib ketdi (Aslida, bu barcha katta shaharlarimizga xos holat). Bu, aslida milliy ruhiyatga tahdiddir. Qolaversa, chet ellik sayyohlar yurtimizga Sharq tarovatini, oʻzbek xalqi tabiatini bilish va undan bahra olish uchun keladi. Shu maʼnoda, mazkur idoralar milliy ornament (naqsh-u nigor)lar kolleksiyasini yaratishi va buning butun mamlakat boʻylab unifikatsiya qilinishini taʼminlashi kerakki, yurtimizga kelgan mehmonlar xalqimiz tarixi, sanʼati, madaniyati bebaholigini koʻrsin, millatimizning buyuk oʻtmishidan bahramand boʻlsin!..
Milliy mafkura aslida mana shunday millatning oʻzligini ifoda etuvchi elementlar ustiga qurilsa, u tom maʼnoda, milliy boʻladi. Aksincha, u mavsumiydir. Mafkurachilarimiz yuragimizga 25 yil qutqu solib kelishdiki, matbuotni erkin qoʻysa undoq boʻladur, mundoq boʻladur, milliyatga urgʻu bersak boshqalar oʻksinishadi, jamiyatda qutblanish boshlanadi, deb. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishga kirishganidan OAV yoʻlidagi toʻsiqni oldi, nima boʻldi?! Toʻgʻri, bugun ijtimoiy tarmoqlardagi talotoʻplar, axloqsiz matnlar, andishasizlik – bu bor gap. Lekin bunga kim aybdor? Yigirma besh yil jamiyatning ogʻzini bekitib kelgan oʻzimiz emasmi? Toʻgʻon olingach, albatta, loyqa oqadi. Uning tinishi uchun esa vaqt kerak boʻladi. Milliyat masalasi ham shunday. Biz haligacha jadidchilarimizni gapirishdan cheklanamiz, tarixiy shaxslarning koʻpidan begonasiraymiz, oʻtmishimizdagi butun boshli davrlarni eslamaymiz. Masalan, yaqinda maktab yoshidagi bir nevaram “bosmachi degani nima, bobolarimiz bosmachi boʻlganmi?”, deb soʻrab qoldi. Ochigʻi, unga joʻyali javob berolmadim. Chunki oʻzimda ham bu borada tugal ilmiy fikr yoʻq edi. Keyin oʻylab koʻrsam, nafaqat menda, balki jamiyatimizda ham bu davr borasida toʻgʻri qarash shakllanmagan yoki shakllantirilmagan ekan.
Bunday misollarni, afsuski, yana koʻp keltirish mumkin. Ayniqsa, tariximizga boʻlgan munosabatimiz borasida. “Xalqning milliy tuygʻulari uygʻonib ketadi, millat junbushga keladi”, degan siyosiy tashxislar sovet mafkurachilariniki edi. Ozod boʻlganimizga 30 yilga yaqin vaqt boʻlayotir. Hech boʻlmasa endi uygʻonishimiz kerak, hurmatli mafkurachilar! Bu yoqda dunyo ham, odamlar ham oʻzgarib ketdi. Milliyatga yoʻl bersak “iqlim” oʻzgarib ketadi deb bir-birimizni aldashni bas qilaylik.
Mana, yaqindagi yigʻilishda Prezidentimizning oʻzlari Milliy gʻoyani shakllantiraylik, bolalarimiz milliy ruhda kamol topsin, Prezident maktabida oʻqiyotgan farzandlarimiz davlat tilini bilishlari shart, shundagina biz rivojlanamiz, yuksaklikka erishamiz, dedi va bunga barchani jalb qildi. Nima yomon gap boʻldi, kim bundan norizo boʻldi? Qaytanga xalqimiz tilimizning Prezident tomonidan himoyaga olinganidan koʻngli shod boʻldi. Bu ishlar jamiyatga yangicha ruh bagʻishladi. Bunday qarash, yuqorida aytganimizdek, eskicha, “kommunistcha” fikrlash mevasi, aslida. Bugun koʻpchiligimiz milliyat haqida, vatanparvarlik haqida ogʻiz koʻpirtirib gapiramiz-u ortidan ehtiyotkorlik bilan biz tolerant davlatmiz yoki vatanimiz koʻpmillatli, deb qoʻshib qoʻyamiz. Koʻp jabhalarda eski aqidalardan ulgu olishga tirishamiz. Koʻpmillatli sovetlar davlati tugab ketganiga 30 yil boʻlayotganini esimizdan chiqazamiz, ayni damda milliy va suveren davlat ekanimizni unutamiz. Eʼtibor qiling: Yaponiyada qancha millat vakillari yashashadi, Xitoyda-chi, Germaniyada, Koreyada, Turkiyada-chi? Ular koʻpmillatli emasmi? Lekin shulardan qaysi biri, masalan, koʻpmillatli Xitoy davlati, koʻpmillatli Koreya deydi? Aksincha, ular Turk xalqi yoxud biz – yaponlar deyishadi-ku!
Biz hanuzgacha nimadan qoʻrqamiz? Kim bizning qoʻlimizni ushlab turibdi? Shu oʻrinda bir mulohaza. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yaponiya tashqi ishlar mahkamasi mulozimining rasmiy bayonoti tarqadi. Unda mulozim jahon jamoatchiligini yapon ism-shariflarini toʻgʻri yozish va talaffuz etishga daʼvat etgan. Bu vatanparvarlik emasmi?! Bizda-chi, biz hali-hamon oʻzimizning qotma qarashlarimizdan voz kechganimiz yoʻq. Nabiramiz buzilib, maʼnosini yoʻqotib ketgan sharifimizni toʻgʻrilab kelsa, yoshlar quloqsiz boʻlib ketdi, deya jimitdek bola bilan yotib olib yoqalashamiz. Bu johillikdan boshqa yana nima?..
Albatta, vatanparvarlik mafkurachi doʻstlarimizning yurtparvarlik haqidagi dogmatik seminarlari, shoirlarning sheʼrlari orqaligina shakllanadi desak, unchalik toʻgʻri boʻlmaydi. Bu tuygʻu oyoqlanishi uchun aniq harakatlar, islohotlar kerak boʻladi. Buyuk sohibqiron Amir Temur millati buyukligini yurt obodligida, saltanat qudratida, deb bilgan edi. U shu maʼnoda “...Bizning buyukligimizga shubha qilsangiz, qurgan imoratlarimizga boqing” deganida mutlaq haq edi. Zotan, odam bolasi tabiatan ozodlikka, qudrat kasb etuvchi bir gʻururga tashna boʻladi. Bunday sohir tuygʻu esa el bunyodkorligida, Vatan ravnaqida tetapoya qiladi.
4
Oʻtgan davrga xulosa berish tarixning ishi. Lekin biz bugunni “ziynatlash” uchun kechagi kunimizni boʻralab soʻkishni odat qilganmiz. Shunday qilsak goʻyo “tepa”ga koʻproq yoqamiz, fikrimiz zalvorliroq chiqadi... Lekin eʼtibor bering, zamon oʻzgardi, endigi oʻzgarish-u islohotlar qarsakbozlig-u madhiyabozligimizga muhtoj emas. U tilanchi emas, izzatparast emas, takabbur emas. Men bir respublika tashkiloti rahbari, bugungi siyosiy jarayonlarga aralashib yurgan odam sifatida shu paytgacha hukumatdan yoki biror masʼul shaxsdan falon joydagi oʻzgarishlar, qilinayotgan qurilish-u bunyodkorliklar haqida gazetada materiallar, televizorda koʻrsatuv berish kerak, degan topshiriq berilganini eslay olmayman. Aksincha, jarayondagi kamchiliklar matbuot orqali ham, ijtimoiy tarmoqlardayam tanqid qilinmoqda, lekin hech kim hech kimdan “siyosiy ayb” qidirayotgani, jazolayotgani yoʻq, hozirgacha. Bu mutlaqo yangi zamon boshlanayotganidan darak emasmi?!.
Lekin nima boʻlganda ham atrofda yuz berayotgan voqealar haqida borini gapirish, qanday boʻlsa shunday koʻrsatish, yozish ijodkor odamdan koʻp narsani talab qiladi. Xususan, bu samimiyatni tilaydiki, bu tuygʻu bugun kamyob “matoh” kabi koʻpchiligimizning qalblarimizni kemtik qilib turibdi. 130-yillik mustamlaka siyosati tafakkurimiz bilan birga qalblarimizniyam “isloh” qilib yuborganday, goʻyo.
Boylarga nafrat va gʻaraz bilan qarashdek sovetcha tafakkur haliyam ongimizda aylanib yuribdi. Aslida esa boylar (albatta, u halol boʻlsa) koʻp boʻlishi jamiyatga, davlatga foyda emasmi?!. Yaqinda bir ukamiz gapirib qoldi. Poytaxtda barpo etilayotgan Toshkent Siti majmuasidagi turar-joylarning katta qismini xorijda oʻqiyotgan, ishlayotgan yoshlarimiz xarid qilib boʻlibdi. Toʻgʻri qilishadi. Ular zamonaviy dunyoni koʻrishdi, odam bugun qanday yashashi kerakligini anglashdi, puli bormi, qaddini urishsin. Ular oʻzlarining bolaligi oʻtgan tor, biqiq “xrushchyovka”larda yashashni or bilishmoqda... Zamon oʻzgarmoqda, dunyo ham, odamlar ham oʻzgarmoqda... Mamlakatda qadam olgan bunyodkorlikning sababi aslida shu. Shaharlarimiz koʻrki, odamlarimiz turmushini zamonaviy dunyo talablariga moslash.
Yaqinda ish yuzasidan yaponiyalik mehmonlar bilan uchrashishga toʻgʻri keldi. Gap orasida poytaxtimiz haqida soʻradim. Ulardan biri Toshkentimiz haqida gapira turib, shahringiz katta qishloqqa oʻxsharkan, deganda, ochigʻi, achchigʻim chiqdi. Biroq bu haqiqat edi. Toshkentni uchoqda tepadan kuzatsangiz oʻtgan asrning 70-yillari sovet meʼmorchiligi landshaftiga koʻzingiz tushadi. 30 yilga yaqin mustaqillik, 20 yillik uchinchi ming yillik davri ham shahrimizni oʻzgartira olmadi. Qanday boʻlsa shunday, xuddi tosh qotganday. Buni kimdir oʻzgartirishi kerakmi, kerak! Bugun shu ish amalga oshirilayotir. Nafaqat poytaxtda, balki yurtimizning barcha goʻshasi bugun qurilish maydoniga aylangan. Bundan odamlar, oddiy odamlar naf koʻrayotgani bor gap. Men bir oilani bilaman. Er-xotin nogiron, uch bola nogiron. Yigirma yil uysiz sargardon kezishgan. Shuncha yil ularning ichidan oʻtgan alamni, dard-u sitamni bilgan biladi, bilmagan latifasini aytib yuraveradi. Shu oilaga Sergelidan shinam uy berildi. Hamma sharoiti bor, tekin. Er-xotin xursandchilikdan yigʻlaydi, bolalar ota-onalarini yupatishga urinishadi... Bu hikoya uchun sentimental motiv emas, real hayot. Bunday oilalardan minglariga uy berildi. Millionlab odamlarning qalbida nur miltiradi.
Endi ayting, shu ishlarni boshida turib amalga oshirayotgan odam vatanparvar emasmi?.. Zoʻrni tan olish hammagayam yengil ish emas. Xususan, buning uchun odam mard boʻlishi kerak. Biroq masala umummanfaat borasida ketayotgan boʻlsa, odamda ozgina millatparvarlik ham kerak boʻladi. Vatanni obod koʻrish, boshqalardan kam boʻlmaslik, Prezidentimiz aytganiday, ergashuvchi emas, ergashtiruvchi xalq boʻlishimiz yangilanayotgan Oʻzbekistonning strategik maqsad muddaosi desak, adashmagan boʻlamiz. Zotan, xalqimiz asrlar davomida dunyoni oʻziga qaratib kelgan. Sahnalarning toʻrida boʻlgan, xal qiluvchi gapni ayta olgan millatdir.
5
Mana shular haqida oʻylaganda, beixtiyor kishilik jamiyati bosib oʻtgan yoʻlga murojaat qilasan, kishi. Dunyoda shunday qudratli xalqlar boʻladiki, ular zimmasidagi tarixiy masʼuliyat goʻyo toleiga xaloskorlik bitilgan afsonaviy qahramonlarning qismatiga oʻxshab ketadi. Va bu koʻhna dunyo oʻta qaltis vaziyatlarda aynan oʻsha xalqlarga yuz buradi, ularning koʻmagidan madad oladi.
Misli yoʻq kechmish hodisalar talqini shundan dalolat beradi.
Oʻqigan boʻlsangiz, Dante Aligyeri “Ilohiy komediya”da Toʻmarisni shunday ulugʻlaydi: Dahshatli qasos olib, namoyon boʻlgan Toʻmaris Kirga shunday deydi: “Sen qonga hamisha tashna eding, Qoniqmayin ichaber”.
Tarixchi Pavel Oroziy “Jahon tarixi” asarida Vavilonni vayron qilgan Kir Toʻmarisning Vataniga hujum qilganini va uning qahriga uchrab, halok boʻlganini alohida taʼkidlaydi.
Ayniqsa, moʻgʻul bosqini oʻzining vahshiyligi bilan yurakni larzaga solgan. Odam avlodi shunday quturishi mumkin ekaniga ishonging kelmaydi. Bir misol: “Boʻji keldi” desa, hamon bolalar choʻchib ketadi. Uning qoʻrqinch toʻla zolimligi hamon qonimizda yashab keladi. Ammo, Jaloliddin Manguberdi bu yovuz kuchga qarshi chiqib, uning dodini bergan.
Bosqinchilar 1221-yil dekabrida Sind daryosi boʻyida sulton Jaloliddinni qurshab oladi. Bahodirning lashkari oz miqdorda edi. Ammo, u yov bilan oxirigacha jang qiladi. “Qay tomonga ot surmasin, tuproqni qora qonga belar edi”, deb yozadi Mirzo Ulugʻbek “Toʻrt ulus tarixi”da. Bahodirning mislsiz matonati va jasorati oldida Chingizxon ojiz qoladi. Axiyri, Jaloliddin qurshovni yorib chiqib, azim daryoning u sohiliga kechib oʻtadi. Shunda aytgan Chingizxon “Dunyo dunyo boʻlib, otadan bunday oʻgʻil tugʻilgan emas”, deb...
Bu – tarix!
Amir Temur el-ulusni moʻgʻul istilosidan xalos etib, odil va beqiyos saltanat tuzgani, salohiyatli harbiy maktab yaratgani, butun bir Uygʻonishni boshlab bergani, shuningdek, Yevropa tamadduniga yoʻl ochgani ham jahon muarrixlari tomonidan birdek eʼtirof etiladi.
Abu Ali Ibn Sinoning “Tib qonunlari” XII asrda Yevropa tillariga tarjima qilinganini, universitetlarda tabobat ilmi besh yuz yil davomida shu kitob asosida oʻqitilganini kim inkor eta oladi?
Xilda Xukxem “Yetti iqlim sohibi” kitobida yozishicha, Britaniyada XVII asrda Qirolning birinchi munajjimi ish boshlagan. U Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy” asariga tayangan holda tadqiqot olib borgan...
Bunday misollar koʻpdan-koʻp.
Forobiy, Beruniy, Xorazmiy zakovati oʻsha zamondayoq butun bir olamga yorugʻlik ulashgan. Yoki boʻlmasa, Islom olamining ustunlari boʻlgan Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshbandiyni esga olaylik. Bu yoqda – Termiziy, Moturudiy, Margʻinoniy... Shoirlar sultoni hazrat Navoiy...
Bu moʻtabar siymolar kishilik jamiyati beshigini tebratib, tarix gʻildiragini toʻgʻri yoʻlga solish uchun dunyo yuzini koʻrgan desak, xoʻsh, buni kim rad eta oladi?!
Siz bir eʼtibor qiling: XX asrning koʻzga koʻringan siyosatshunosi Zbignev Bjezinskiy yigirmanchi asrning saksoninchi yillari oxirida mintaqadagi vaziyatga baho berishda “Oʻzbekistonning mustaqilligi Oʻrta Osiyodagi boshqa davlatlarning yashab ketmogʻi uchun juda katta ahamiyatga ega”, deya taʼkidlagan. Albatta, olim bu oʻrinda, nafaqat geosiyosiy joylashuvimiz, balki, eng avvalo, mehnatkash va zakovatli xalqimiz maʼrifiy va ilmiy salohiyatini ham hisobga olgani shubhasiz.
Yaqindagina mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻldi. Bugun Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan mazkur kengashning oliy darajadagi uchrashuvi azaliy birodar xalqlarning ravnaqi yoʻlida rivojlanayotgan anʼanaviy doʻstlik, keng qamrovli va uzoq muddatli hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qoʻshadigan tarixiy voqeadir. U mamlakatimizning nafaqat tashqi, balki ichki siyosatida ham muhim ahamiyatga ega. Chunki millat qaddini tiklashda bu kabi oqilona saʼy-harakatlarning oʻrni beqiyos.
Bu qadam, aytish mumkinki, Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochdi. Oradan qariyb 30 yilga yaqin vaqt oʻtib mamlakat bir milliy davlat oʻlaroq millat yuziga kommunistlar tashlagan pardani yirtdi — oʻzligini baralla ifoda etdi, biz turkiy xalqmiz, deya tan oldi. Bu oʻz-oʻzidan boʻladigan ish emas, albatta. Buning uchun odamda juda katta siyosiy iroda, metin qatʼiyat va millatga cheksiz muhabbat kerak boʻladi. Biz bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev siymosida shu sifatlarni koʻrdik va dilimizda bundan iftixor tuydik.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, har bir qarichi bir aziz avliyo, bir ulugʻ alloma yoki Toʻmaris-u Shiroqday bir yovqur vatanparvarning xoki pokini bagʻriga bosgan moʻtabar zaminda yashayapmiz.Ularning bedor va kurashchan ruhi bugungi Tinchlik va Ahil-totuvlik, Obodlik va Ozodligimiz timsolida mujassam. Bu esa zimmamizga shukronalik, faxrlanish, gʻururlanish barobarida taraqqiyot sari intilish, oʻzligimizni namoyon etish masʼuliyatini ham yuklaydi. Buning uchun fidoyilik, vatanparvarlik, Vatan manfaatlarini barchasidan afzal bilish talab etiladi. Shu maʼnoda xalqimiz tarixiy burilish pallasini boshdan kechirmoqda. U dilimiz, tilimiz, bajarayotgan ishimizda boʻy koʻrsatadi.
Biz ana shu gʻoyalarni chuqur anglasak, eng muhimi, amaliy harakatimizda namoyon qilolsakkina Vatanga sodiq farzand boʻlishimiz mumkin. Vatan esa Ona singari aziz va tanhodir. U bizning ilk va soʻnggi aytar soʻzimizdir!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos