Ilk ofitserlik unvoni muborak
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti ofitserlar tayyorlash kursining navbatdagi bitiruvchilari qo‘shinlarga yo‘l oldi.
Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari serjantlar tarkibida kontrakt asosida xizmat qilayotgan oliy ma’lumotli harbiy xizmatchilarning bitiruvi va ularga ilk ofitserlik unvoni topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev bitiruvchilarni qutlar ekan, Vatanimizning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini himoya qilishda muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so‘ng mudofaa vaziri va favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyruqlari o‘qib eshittirildi, bitiruvchilarga sertifikat va “leytenant” harbiy unvoni topshirildi.

Bitiruvchilar zamon talablari va standartlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi bo‘yicha eng ilg‘or pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda qo‘shinlarni boshqarish, murakkab qurol-aslaha va harbiy texnikani qo‘llash kabi bir necha yo‘nalishda saboq olgan.
I.QO‘CHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi.
O‘zA