Ilk o‘yinni o‘zbek hakami boshqardi
Avstraliyada boshlangan futbol bo‘yicha XVI Osiyo kubogi dastlabki uchrashuvini o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov boshqardi.
Avstraliyada boshlangan futbol bo‘yicha XVI Osiyo kubogi dastlabki uchrashuvini o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov boshqardi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sport turlari qatori futbolni rivojlantirish, yoshlarni ushbu sportga keng jalb etish, iste’dodli futbolchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir. FIFA referisi Ravshan Ermatovning qit’amizda tengsiz hakam sifatida e’tirof etilayotgani, dunyoning eng kuchli hakamlari qatoridan joy olgani buning tasdig‘idir.
...R.Ermatovning hushtagidan so‘ng Melburn shahridagi «Rectangular Stadium» stadionida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqasining “A” guruhidagi Avstraliya va Kuvayt terma jamoalari o‘rtasidagi bahs boshlandi.
Bugun FIFA referisi R.Ermatovning turli nufuzli musobaqalardagi shiddatli va murosasiz uchrashuvlarni boshqarishdagi yuksak mahorati, adolat prinsiplariga qat’iy amal qilish, har qanday murakkab vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qila olish, futbolchilarning ruhiy holatini yaxshi tushunish kabi yuksak professional va insoniy fazilatlari xalqaro sport jamoatchiligi, muxlislar, mutaxassislar tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
2003-yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan o‘zbek hakami futbol bo‘yicha barcha nufuzli uchrashuvlarda hakamlik qilgan. Hamyurtimiz 2014-yili Braziliyada o‘tkazilgan jahon chempionatida jami to‘rtta uchrashuvni – guruh bosqichida Shveytsariya – Ekvador, AQSh – Germaniya va Meksika – Xorvatiya, chorak finalda Gollandiya – Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarni muvaffaqiyatli boshqardi. R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko‘p – 9 uchrashuv boshqarib, dunyo rekordini o‘rnatdi.
R.Ermatov 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014-yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb topildi. Yaqinda Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) tomonidan e’lon qilingan 2014-yilgi dunyoning eng yaxshi futbol hakamlari ro‘yxatida beshinchi o‘rinni egalladi.
R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida uchinchi bor Osiyo kubogi musobaqasida ishtirok etmoqda. U 2004 va 2011-yilgi Osiyo kubogi musobaqalarida ham hakamlik qilgan. Jumladan, 2011-yili Qatarda bo‘lib o‘tgan musobaqaning Yaponiya va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvini yuksak saviyada boshqargandi.
Osiyo kubogi musobaqasining dastlabki uchrashuvi – Avstraliya va Kuvayt terma jamoalari bahsi 4:1 hisobida yakunlandi. R.Ermatovga uchrashuvni boshqarishda qanotlarda hamyurtimiz Abduhamidulla Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov yordam berdi.
Osiyo kubogi bahslarini boshqarish uchun O‘zbekistondan yana bir referi – Valentin Kovalenko ham taklif etilgan.
Eslatib o‘tamiz: 10-yanvar kuni Osiyo kubogi musobaqasining “V” guruhida qatnashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Shimoliy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.