Ilg‘or fermerlarga avtomobil berildi
Andijon viloyati Buloqboshi tumani paxtakorlari ham yillik paxta topshirish rejasini bajardi.
Paxta – 2019
Andijon viloyati Buloqboshi tumani paxtakorlari ham yillik paxta topshirish rejasini bajardi.
Tuman paxtakorlari davlatga 9 ming 300 tonnadan ziyod sifatli paxta hosili topshirib, belgilangan yillik rejani 21 ish kunida uddaladi.
– Paxta yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, – deydi Buloqboshi tumani hokimi O‘tkirbek Ma’murov. – Tumanimiz mahalla fuqarolar yig‘inlaridan uy bekalari, uyushmagan aholi vakillaridan iborat 6 ming 200 terimchi 37 otryad tarkibida terimga jalb etildi.
Joriy yilda terimning mahalliy sharoitdan, paxtaning ochilishi, fermer xo‘jaliklari imkoniyatlaridan kelib chiqib boshlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Eng asosiysi, paxta hosili chetdan keladigan yordamchilar ko‘magisiz terib olindi. Terilgan har bir kilo paxta uchun terimchilarga 1000 so‘mdan to‘landi. Terim puli uch, besh kunlik qilib berib borildi. Shuningdek, terimchilarga tushlikka issiq ovqat va boshqa zarur sharoitlar tashkil qilindi.
Bu kabi e’tibor va rag‘bat, terim pullarining o‘z vaqtida berib borilishi, ilg‘orlarni moddiy va ma’naviy taqdirlash, madaniy-ma’rifiy tadbirlar terimchilarni faollikka, fidoyilikka undadi.
Erishilgan muvaffaqiyatga tumandagi “Abduhoshim Nurmatov”, “Xolmuhammad G‘afurov”, “Abdumannob Ismatov paxtazori”, “Sarviniso malikasi” singari fermer xo‘jaliklari munosib hissa qo‘shdi.
Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tuman paxtakorlari erishgan zafar munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov barchani muborakbod etdi. Ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari Abduhoshim Nurmatov, Ismatullo Ismatov hamda peshqadam terimchi Mayramxon Pirmatovaga “Jentra“ va “Spark“ avtomobillarini sovg‘a qildi.
Tantanada O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raevning konsert dasturi barchaga xush kayfiyat va ko‘tarinkilik ulashdi. Rag‘bat va e’tibordan ruhlangan tuman paxtakorlari yetishtirilgan paxta hosilini oxirgi misqoligacha yig‘ib-terib olishga ahd qilishdi.
Jalaquduq va Oltinko‘l tumani paxtakorlari ham yillik paxta topshirish rejasini bajardi.