Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi: “har qanday sharoitda eʼtibordamiz“
Urush. Bu soʻzni eshitgan har qanday kishining eti jimirlab ketadi.
Urush. Bu soʻzni eshitgan har qanday kishining eti jimirlab ketadi. Tinch-totuv hayot har qanday neʼmatdan aʼlo. Bugungi tahlikali davr ham tinchlikni, xotirjamlikning nechogʻlik buyuk neʼmat ekanligini yana bir bor anglatmoqda. Navqiron yigitlik davrini jangohlarda qon kechib, har bir soniyada oʻlim bilan toʻqnashgan urush faxriysi Bektemir bobo Qarshiboyevning boshidan oʻtkazganlari biz uchun ertakdek tuyuladi. Ammo, bu haqiqat. Navqiron yigitning yetti yillik umri tinchlik, xotirjamlikka erishish yoʻlida oʻtdi.
Turmush oʻrtogʻi Bahor momo bilan 70 yildan buyon ahil-inoqlikda yashab, toʻrt oʻgʻilni voyaga yetkazib, bugun 13 nevara, 9 evaraning suyukli bobosi boʻlib, keksalik gashtini surayotgan Bektemir bobo Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmonini eshitib, koʻzlariga yosh oldi.
– Prezidentimizga rahmat, bizni doim qoʻllab-quvvatlab, koʻnglimizni togʻdek koʻtarib turadi, – deydi Bektemir bobo. – Kecha shu farmonni eshitib, koʻzimga yosh keldi. Chunki, bugun butun dunyo, jumladan, bizning xalqimiz uchun ham sinovli boʻlgan bir paytda biz – urush qatnashchilariga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotgani eʼtiborli. Bu dunyo shunday sinovli ekan. Bunday damlarda hamjihatlik, mehr-oqibatni unutmaslik kerak. Barcha birdek kurashsa, har qanday muammoga yechim topiladi, har qanday yov yengiladi. Kampirim bilan tunu kun duodamiz. Ilohim, yurtimiz tinch-osoyishta boʻlsin!
Bektemir Qarshiboyev 1924-yilda Bulungʻur tumanida tugʻilgan. 1942-yil sentyabr oyida frontga safarbar etilgan. Urush yakunlangandan keyin ham ikki yil xizmat qilib, 1949-yil may oyida ona-Vataniga qaytadi.
Urush davrida ichki ishlar polkida xizmat qilgan Bektemir boboning keyingi hayoti ham shu tizimda oʻtdi. Pensiyaga chiqquniga qadar, 1979-yilgacha ichki ishlar idoralarida turli vazifalarda mehnat qilgan.