Ikki xalqning madaniyat va san’at sohasi vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
O‘zbekiston va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh o‘zbekistonlik va tojikistonlik madaniyat va san’at sohasi vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati “Nuri niyogon” shashmaqom ansambli rahbari Shuhratjon Nabiyev O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasidagi tojik milliy madaniy markazi rahbari Gulandom Subxonova Tojikiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Davlat mukofotlarini O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon topshirdi.

Aytish kerakki, 2024-yilda Tojikistonda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida O‘zbekiston va Tojikistonning madaniyat va san’at arboblaridan bir guruhi yuksak faxriy unvonlar bilan taqdirlangan edi.
Ayni kunlarda O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” yuksak saviyada va bayramona ruhda, do‘stlik va qardoshlik bayrami sifatida bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari 29-mart kuniga qadar davom etadi.
N.Usmonova,
O‘zA