Ikki karra jahon chempioni talabalar bilan uchrashdi
Tadbirda Olimpiya oʻyinlari sovrindori Rustam Saidov, boks boʻyicha mamlakat terma jamoasi aʼzolari, universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Bugun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida professional boksning ikki yoʻnalishi — WBA va IBF yoʻnalishlarining yarim yengil vazn (-55,34 kg) toifasida jahon chempioni, Olimpiya oʻyinlari sovrindori, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Murodjon Ahmadaliyev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Olimpiya oʻyinlari sovrindori Rustam Saidov, boks boʻyicha mamlakat terma jamoasi aʼzolari, universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining tarbiyalanuvchilari koʻplab sport turlari boʻyicha mamlakatimiz terma jamoalarining negizini tashkil etadi.
Tadbirda ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Rashid Matkarimov terma jamoalarimizda Tokio Olimpiadasiga olib borilayotgan tayyorgarlik, sportchilarimizning litsenzion musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlar, mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor natijasida sportchilarimizning xalqaro maydonlarda iqtidor va salohiyatini keng namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

– Hozirgi yoshlarga havas qilaman, – deydi nufuzli musobaqalar gʻolibi, hozirda yoshlarga boks boʻyicha murabbiylik qilib kelayotgan Rustam Saidov. – Sport bilan shugʻullanaman degan yigit-qizning orzularini roʻyobga chiqarish uchun barcha sharoit va imkoniyat bor. Bundan yoshlarimiz unumli foydalanishi zarur.
Uchrashuvda Murodjon Ahmadaliyev oʻz faoliyati, sportda erishgan natijalari haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, yaqindan yordam berayotgan ustozlariga xususan, universitet oʻqituvchi-murabbiylariga, Oʻzbekiston boks federatsiyasi mutaxassislariga oʻz minnatdorchiligini izhor etdi.
– Bu kabi uchrashuvlar sportchilarimizning yutuqlaridan ibrat olib, bugungi sharoitlarning qadriga yetishga undaydi, – deydi Jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Jasurbek Egamov. – Biz yoshlar yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban bor kuch va bilimimizni yurt ravnaqi uchun sarflashimiz lozim.
Prezidentimizning Murodjon Ahmadaliyevga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, el-yurtimizning ishonchini oqlab, mustaqil Oʻzbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi boʻlgan Murodjon kabi jasur va vatanparvar oʻgʻlonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.