Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi
So‘nggi olti yilda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bilan manzilli ishlash maqsadida dastlab «Temir daftar», «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlari joriy etilgan bo‘lsa, keyinchalik kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi joriy qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2021−2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi orqali 2030 yilda davlat byudjetining ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan xarajatlari YAIMga nisbatan 1,5 foizga yetkazish maqsad qilindi.
Umuman olganda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar natijasida kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda to‘rt barobarga oshib, 1,9 millionga yetdi.
Shu bilan birga, kam ta’minlangan oilalardagi bolalarni parvarishlash uchun to‘lanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur to‘lov muddati esa 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori o‘rtacha 1,5 barobarga oshirildi.
Ishsizlik nafaqalarining eng kam miqdorlari esa 3,2 baravarga oshirilib, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrumentlar joriy etildi. Natijada butun dunyo uchun sinovli bo‘lgan pandemiya sharoitida ham O‘zbekistonda aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash, pandemiyaning aholi turmush darajasi hamda iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlariga bo‘lgan ta’sirini yumshatish imkonini berdi.
Ushbu ko‘rilgan chora-tadbirlar joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrif yakunlari bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasining hisobotida ham e’tirof etilib, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar sabab O‘zbekistonning pandemiyaga nisbatan yaxshi bardosh berganligi aytib o‘tildi.
Shu bois o‘tgan hafta Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilishning bir qator ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Jumladan, endilikda ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslar ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olinadi. Bu jarayonda esa, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirilishi inson omili aralashuvining oldi olinib, har bir ko‘rsatiladigan yordam manzilli yetib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, farmon bilan nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Shu vaqtgacha asosiy e’tibor imkoniyati cheklangan shaxslarga turli xildagi moddiy va ma’naviy yordamlarni ko‘rsatib kelishga qaratilgan bo‘lsa, endilikda ularga ham o‘z imkoniyati va qobiliyatidan foydalanishlari, jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishiga yordam berish tizimi joriy etiladi. Eng muhimi, barcha ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilib, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa, ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari huzurida, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish va Ijtimoiy sug‘urta nafaqalari to‘lovlarini monitoring qilish bo‘limlari tashkil etiladi.
Xulosa qilib aytganda, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi bugun dunyoga inson qadrini ulug‘lash, inson manfaatlari taraqqiyotning eng oliy mezoni sifatida ilgari surayotgan Vatanimizda kelgusida ham aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish imkonini berishi shubhasizdir.
Muzafara Abdiyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati