Ijtimoiy-siyosiy muammolar talqini
Milliylik va milliyatga xos xususiyatlarni lirik sathda aks ettirish uchun falsafiy, ijtimoiy, badiiy tafakkur asoslariga qaytish, ularga ijodiy murojaat jarayoni qat’iylasha bordi.
XX asrning 80-yillariga kelib, o‘zbek she’riyati tabiatida keskin o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Bunday badiiy-konseptual o‘zgarishning asosiy belgisi– bu davr avlodi tomonidan milliy o‘zlikni anglash, botinan his etish, sobiq sovet tuzumi qutqulariga qaramasdan badiiy aks ettirishga urinishlarda ko‘rindi. Milliylik va milliyatga xos xususiyatlarni lirik sathda aks ettirish uchun falsafiy, ijtimoiy, badiiy tafakkur asoslariga qaytish, ularga ijodiy murojaat jarayoni qat’iylasha bordi. A.Oripov, E.Vohidov she’riyatidan boshlangan bu jarayon O.Matjon, R.Parfi, Sh.Rahmonlar ijodida yuqori nuqtaga ko‘tarildi.
O‘sha davrda yetishib kelayotgan dadil ijodkorlar qatorida A’zam O‘ktam she’riyatida ham bu jarayonning sezilarli darajada kuzatilishi shoir she’riyatining milliy ruh bilan sug‘orilganligidan dalolatdir. Adabiyotshunos B.Karimov o‘rinli qayd etganidek, “A’zam O‘ktam she’rlarida mantiq kuchli, shiddat va o‘ktamlik, lirik qahramon ruhiyatida ulkan bir dard va alam bor”. A’zam O‘ktam o‘zini millat taqdiri oldida javobgar qalam ahllaridan biri deb bildi.
Ijtimoiy-siyosiy muammolar shoir lirikasining etik omillaridan biri sifatida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shoir ijodida bunday she’rlar talaygina. Buni uning birgina “paxta yakkahokimligi” davri fojealari va og‘riqlari aks ettirilgan she’rlari misolida olib qaraydigan bo‘lsak, ularda siyosatlashtirilgan ijtimoiy muhitning qanchadan-qancha taqdirlar fojeasiga sababchi bo‘lganligiga guvoh bo‘lamiz. Shoir bu mavzuga atroflicha to‘xtalib, qator she’rlarida o‘sha davr fojeasini ishonarli chizgilarda ochib berishga harakat qilgan.
“Azaga-ku so‘z yo‘q, to‘y qilsa...” (“Kuzda kulgan chechaklar”. 15-bet. G‘.G‘ulom nashriyoti, 1990 yil) misralari bilan boshlanuvchi she’rda paxtani ko‘rganda ro‘zg‘or tashvishlarini unutib qo‘yadigan, yig‘im-terim paytida to‘y, o‘yin-kulgu qilishdan hijolat tortadigan, o‘z baxtini g‘o‘zalarning qiyg‘os ochilishida ko‘radigan soddadil dehqonlar obrazini uchratamiz:
Azaga-ku so‘z yo‘q, to‘y qilsa –
Paxta g‘amin yeydi o‘zbeklar.
“Meni termay o‘ynashyapti deb
og‘rinmasin”, deydi o‘zbeklar.
Butun qishloq ahlining paxtaga xayrixohligini “...Xush ko‘rmaydi qishloqlar uncha, Paxta termaydigan kelinni...” misralarida oydinlashtirgan shoir “Xush ko‘rmaydi qishloqlar uncha” metonomik ma’no ko‘chishi orqali qishloq odamlarining yakdilligini ko‘rsatadi. O‘zbek xalqi yoppasiga paxtakorga aylantirilib, qishning qahratonli kunlariga qadar g‘o‘zalarning qorini qoqib paxta terildi, bu jarayonda, ayniqsa, ayollar, navnihol xotin-qizlarning mehnatidan tog‘-tog‘ xirmon uyuldi. Aynan shu davrda Tursunoy Oxunova kabi “davr qahramonlari” yaratildi.
“Qishloqqa xat” she’riga diqqatni qarataylik:
“Sariq bilan og‘ridi Oybek,
So‘ngra yuqib qoldi Boburga”.
“Abdullaning mazasi yo‘qdek,
Nodiradan o‘tdi Nosirga...”
Yuqorida keltirilgan misralar avvalida qo‘llangan “sariq” so‘zi inson hayotiga xavf soluvchi zaharli dorilarni paxta terayotgan terimchilar ustidan yomg‘irdek yog‘dirgan “qotil” yillarni o‘quvchi ko‘z o‘ngida gavdalantiradi. Shoir she’rda buyuk shaxslar nomi(talmeh san’ati)ga murojaat qilish barobarida egatlarda zaharlanayotgan millatning dardi Oybek, Bobur, Qodiriylar, Usmon Nosirlaru Nodirai davronlar dardidan kam emasligiga ishora qilarkan, o‘z xalqi kelajagini o‘ylab, fikr erkinligi falajlangan shunday bir davrda turib ham “Dalalarga yo‘latmang zinhor – Bolani ham, dorilarni ham” deya hech bo‘lmaganda, ismlari haqqi ularni kasallikdan asranglar, deya dangal ayta olishi uning millat taqdiriga kuyinchakligidan dalolatdir. She’rning biror bir misrasida paxta so‘zi ishlatilmagan, biroq hushyor o‘quvchi she’rda shoirning yozg‘irishi oq paxtaning “qora” qilmishidan ekanligini osongina anglaydi.
Shoirning “Muhabbat” deb nomlanuvchi she’ri bir o‘qiganda kishi qalbiga zavq berib, shirin entiktiradi. Paxtazor tasviri go‘zal ifoda etilgan bu she’rning tagma’nosiga e’tibor qaratgan sinchi o‘quvchi she’r mazmunidan chol-kampirning umri paxta deb o‘tganligini osongina anglaydi. Jumladan, cholning: “Paxtalarni suyub quchganing mahal, Paxta bo‘lmaganim qildi ko‘p alam” deya yoshligi dalalarga sovrilgan ko‘ngilning keksalikni xush qarshilashini shunday tasvirlaydi:
Yaxshiyam qaridik,
Ish ko‘pligidan
Avval aytolmagan so‘zlarim eshit:
Men seni hammadan yaxshi ko‘raman,
Sen e-endi qiz bo‘lding,
Men e-endi yigit!
35 banddan iborat “Yakshanba” deb ataluvchi voqeaband she’rning nomlanishi biz fikr yuritayotgan mavzudan ancha uzoq. Yakshanbani dam olish kuni sifatida qabul qilmoqchi bo‘lsak, taassufki, she’rda kishi ruhiga hordiq ulashguvchi biror jihatni uchratmaymiz. She’r 1987 yilda yozilgan. Unda davrning ijtimoiy-siyosiy muammolari to‘lig‘icha, izchillik bilan tasvir etiladi. Davr asoratlaridan qiynalayotgan millatning dardu og‘riqlari misralar qatiga singdirilgan ushbu she’rning dastlabki bandida ocharchilik, yemishi kam, bemori bisyor, juvonlari pardoz neligini bilmagan, alp yigitlarning boshi egik – xalq qiyofasi chizilgan kartinalar ichidan eskirgan bog‘chalarda “biz baxtiyor!” deya qo‘shiq kuylayotgan yuvoshgina bolalarning chiqib kelishi o‘quvchi ruhiyatiga kelajakka ishonch va umid emas, aksincha, umidsizlik va tushkunlik ruhini yuqtiradi. She’rda quruq shiorlarga o‘rgangan jamiyatning jirkanch qiyofasi banddan-bandga o‘tgani sari ochila boradi.
Bolalarning kamroq tug‘ilgani soz misrasi, ya’ni muallif “niyati” nafaqat sharoitsizlik, yupunlik vajidan, balki paxtazorning “joy bermas”, “qizg‘anchiq” ekanligidandir. Qanchadan-qancha yerlarning, bog‘lar va hattoki qabristonlarning ham qisqarib, paxtazorga aylantirilganligi hamda bu bilan millatning haq-huquqi poymol bo‘layotganligi, paxta yakkahokimligining o‘sha davrning achchiq siyosati sifatida xalqimiz boshiga ne-ne musibatlarni solganligidandir. Bu ayanchli tasvirlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va “Usta dehqonlarning ko‘pi qamoqda” deya izohlagan shoir she’rning 8-bandida yozning jaziramasiyu qishning qahratonida ham tinimsiz mehnat qilib millionlab tonna paxta yetishtirgan dongdor paxtakorlarning alal-oqibat “o‘zbeklar ishi” kabi balolar o‘qiga nishon bo‘lganini – bir umr qora mehnat qilib, buning evaziga peshonasiga “paxta ishi” tamg‘asi bosilgan paxtakor dehqonlarning umumlashma obrazini halol, mehnatkash, qishloqdoshlariga yelkadosh bo‘la olgan tanti dehqon Erkin aka misolida olib kiradi. Qama-qamalar avjiga chiqqan damlarda Erkin aka kabi ko‘plab aybsiz aybdorlarning oilasi ozor chekdi, otalarning boshi egilib, farzandlarning bo‘yni qisildi.
Ko‘zlarda g‘azabmi, uyatmi, hadik,
Jim yurar otasi badnom bolalar...
She’rning “Yakshanba” deb nomlanishi lirik qahramonning qamoqda faqat yakshanba kuni tushdan so‘nggina mehnatdan ozod bo‘lishi bilan bog‘liq. Yil – o‘n ikki oy ishlab o‘rgangan odamga shuyam erish tuyuladi:
“Zerikdim,
Umrimda yakshanba kuni
Ishlamagan odam emasman, axir”.
Lirik qahramonni faqat nohaq qamalgani emas, balki farzandlarining taqdiri ham qiynaydi. O‘g‘li sinfboshilikka saylanganida bir qizchaning “Nahot bu mumkin –
Axir, qamoqda-ku uning otasi?!” deganini eshitib ismsiz dardlardan ezilgan ota davrning jirkanchligini anglab yetadi va:
Endi mehnatsevar bo‘lgin demasman,
O‘zingni ayama demasman endi.
Aldasam,
Adashsam odam emasman, –
Ishchanlikdan boshga shu kunlar keldi,
deb o‘z-o‘ziga va’da beradi.
Zahmatli mehnatining achchiq mukofoti uning qalbini junbushga soladi:
Xirmon ko‘p cho‘ng bo‘ldi,
Oyoq-qo‘l toldi.
Balki aytishar deb kutibman rahmat.
Meni izlab keldi
Adashmay topdi–
Qamoqqa olishga berilgan ruxsat.
She’rning 23-29 bandlarida lirik qahramonning shahar va qishloqni bir-biriga qarshilantirish asosida ular o‘rtasidagi tafovutlarni keltirishi, qishloq odamlarining sodda va go‘lligidan xavotirlanib, shaharda milliy qadriyatlarning yo‘qolib borayotgani haqida qayg‘urishi, garchi o‘qimagan, oddiy inson bo‘lsa-da, qamoqda turib ham o‘z millati taqdirini o‘ylashi uning vijdoni uyg‘oq ekanligidan dalolatdir.
Nilufar Umarova,
Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi.