Ijtimoiy masalalar Ombudsman e’tiborida
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Jizzax viloyati, Zarbdor tumani “Adirobod” QFYda istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar murojaati kelib tushdi. Unda murojaatchilar tomonidan mahallada aholi uchun gaz, ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish, poliklinika va ijtimoiy ob’ektlar yo‘qligidan norozilik bildirilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmatining ma’lum qilinishicha, mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali “Adirobod” QFYda joylashgan sobiq QVP binosi oilaviy shifokorlik punkti sifatida qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Hozirda ushbu muassasada ishlovchi shifokor va potranaj hamshiralar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo o‘rganilganda esa hozirda “Adirobod” QFY aholisiga markazlashgan ichimlik suvi grafik asosida berilishi, ushbu mahalladagi yangi qurilgan xonadonlar ichimlik suvini tashib iste’mol qilishlari ma’lum bo‘ldi. Ushbu muammoni hal etish maqsadida Jizzax viloyat Xalq deputatlari Kengashining tegishli qaroriga asosan “Adirobod” QFYga jami 1 milliard 176 million so‘m mablag‘ ajratilishi hisobiga 2 km yangi ichimlik suvi tarmoqlarini qurish bo‘yicha 2022 yil dasturiga takliflar kiritildi.
Qishloq fuqarolar yig‘inidagi gaz muammosi o‘rganilganda, bu joy tabiiy gaz yetkazib berish qiyin xududlar bo‘lgani sababli, ushbu hudud suyultirilgan gazga moslashtirilgani hamda “Zarbdortumangaz” ta’minoti bo‘limi tomonidan aholi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanib kelinayotgani aniqlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA