Ijro intizomi va mahalla muammolari doimiy e’tiborda
Aholi roziligi, mahalla obodligi va ijro intizomi davlat boshqaruvida bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushunchalar.
Ana shu tamoyildan kelib chiqqan holda kuni kecha Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi ishchi guruh Oqoltin tumanining Andijon mahallasiga tashrif buyurib, joylarda olib borilayotgan ishlar hamda yechimini kutayotgan muammolarni bevosita o‘rgandi.

Tashrif chog‘ida viloyat rahbari mahalla aholisi bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Fuqarolar tomonidan kundalik turmushda uchrayotgan qiyinchiliklar, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, yashash muhitini yaxshilashga doir taklif va mulohazalar bildirildi. Mahallaning har bir ko‘chasi, har bir xonadon taqdiri davlat rahbariyati e’tiboridan chetda qolmasligi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida mahallani obodonlashtirish, aholi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Xususan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘lakchalarini barpo etish, bolalar uchun zamonaviy o‘yin maydonchalarini tashkil etish, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash, shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va vazifalar berildi.

Mazkur vazifalar bugun Oqoltin tumani hokimligida tuman hokimi Husniddin Suvonov raisligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi hokimlik soatida yana bir bor tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Yig‘ilishda ijro intizomini mustahkamlash, yuqori tashkilotlardan kelib tushayotgan topshiriqlarni so‘zda emas, amalda bajarish, har bir mas’ul rahbarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, har bir murojaat — bu raqam yoki hisobot emas, balki inson taqdiri, uning davlatga bo‘lgan ishonchi mezonidir. Shu bois murojaatlarni o‘z vaqtida, xolis va qonuniy ko‘rib chiqish hamda ular ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilish davomida 2026 yilda Oqoltin tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish doirasida rejalashtirilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahalla maqomi berilgan Ahillik va Toshkent mahallalarida infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, Andijon mahallasida ham mahalliy byudjet va ichki imkoniyatlar hisobidan shunday tashabbuslarni amalga oshirish uchun har bir tashkilot va idora o‘z aniq takliflari bilan chiqishi zarurligi qayd etildi.
Viloyat rahbarining tashrifi davomida aniqlangan kamchilik va muammolar yuzasidan tegishli idora rahbarlari zimmasiga ularni kechiktirmasdan bartaraf etish, amaliy choralar ko‘rish, ijro holatini shaxsan nazoratga olish hamda aholi uchun munosib, xavfsiz va barqaror yashash muhitini yaratish bo‘yicha qat’iy vazifalar yuklatildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri