Ijodkorlarga ilhom berayotgan islohotlar
Tanlovda viloyatdagi yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, tasviriy va kino sanʼati namoyandalari, foto va dizayn ustalarining eng sara asarlari tanlab olindi.
Jizzax shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga bagʻishlangan “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻtkazilgan tanlov “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etdi.
Tanlovda viloyatdagi yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, tasviriy va kino sanʼati namoyandalari, foto va dizayn ustalarining eng sara asarlari tanlab olindi.
– Bugun mamlakatimizda hech bir ijodkorni befarq qoldirmaydigan tarixiy voqealar kechayotir, – deydi “Besh ijobiy tashabbus”ni eng yaxshi yoritgani uchun nominatsiyasida birinchi oʻrinni olgan viloyat teleradiokompaniyasi boʻlim muharriri Sayyora Boʻronova. – Davlatimiz rahbarining ijod ahliga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligi hammamizni sergaklantirib, Vatan, xalq oldidagi burchimizni chuqur his etishga undamoqda. Barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, Vatanimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori yuksalayotgani, qishloq va shaharlarimiz obod boʻlib borayotgani biz ijod ahliga ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Koʻrik-tanlovda barcha yoʻnalishlar boʻyicha taqdim etgan ijodiy ishlarda maqsad va yondashuvlarda yangilik koʻpligi eʼtirof etildi.
Gʻoliblar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.