Ijodkorlar jizzaxlik yoshlar bilan uchrashdi
Taniqli yozuvchi va shoirlar “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida talaba yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan navbatdagi ijodiy uchrashuvda taniqli adiblar – tarixchi-yozuvchi va shoir hamda yetuk tarjimon Nurali Qobul, yozuvchi va shoira Shahodat Isaxonova, iqtidorli shoira va publitsist Gulchehra Ibragimovalar ishtirok etdi.
Ijodiy uchrashuv avvalida, institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmanqulov, mehmonlarga institut tarixi, talabalarning bilim olishi, zamonaviy mutaxassisliklarni egallashlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, nufuzli mehmonlarni institut bilan tanishtirish maqsadida oliygoh bo‘ylab sayohat tashkil etildi. Jumladan, mehmonlar institutning Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
[gallery-20488]
Ushbu tadbir davomida, taniqli ijodkorlar, institut rektori, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oliygoh hududidagi “Yoshlar bog‘i”ga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekdi.
Shundan so‘ng, loyiha doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Unda ijodkorlar o‘zlarining asarlaridan parchalar o‘qib berdi. Institut talaba yoshlari tomonidan she’r va qo‘shiqlar ijro etildi. Ijodiy uchrashuvdan so‘ng taniqli ijodkorlar institutdagi talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Talabalar o‘rtasida tashkil etilgan “Milliy o‘zbek palovini tayyorlash” tanlovi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Kechki gulxan atrofida tashkil etilgan samimiy suhbat davomida ijodkorlar talabalarni qiynayotgan muammolar, talab va takliflarini tingladi.
Shuningdek, mehmonlar Baxmal tumanidagi 30 - umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, muassasa o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan uchrashdi. Tadbirda ijodkorlar ushbu maktab iqtidorli o‘quvchilari qalamiga mansub she’r va hikoyalari taqdimoti bilan tanishdi. Maktab hududida ijodkorlar, maktab va JizPI talaba-yoshlari, professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA