Ijodkor oʻqituvchilar maktab yuragi
Poytaxtimizda 10-11-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida ʼʼIjodkor oʻqituvchilarʼʼ respublika seminari oʻtkazildi.
Poytaxtimizda 10-11-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida ʼʼIjodkor oʻqituvchilarʼʼ respublika seminari oʻtkazildi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 2-3 nafardan ijodkor oʻqituvchi ishtirok etdi.
– Fizika fani oʻqituvchisiman. Lekin adabiyot menga kuch, zavq beradi. Ayrim vaqtlarda shunchalar ilhom girdobida qolib ketamanki, uni qogʻozga tushirishdan boshqa chora qolmaydi. Ijod odami boʻlganim uchunmi davralarda sheʼr oʻqishni yaxshi koʻraman. Hozirga qadar ʼʼIshqim lolalariʼʼ, ʼʼGul yuzingni izladimʼʼ, ʼʼNega tugʻilding bolam?ʼʼ deb nomlangan sheʼriy toʻplamlarim chop etilgan, – dedi Najmiddin Mirzo.
Ikki kun davom etgan seminarda ijodkor oʻqituvchilar alohida shoʻbalarga boʻlingan holda taniqli shoir, yozuvchi, adabiyotshunos va mahoratli jurnalistlar saboqlaridan bahramand boʻldi. Fikr va mulohazalar almashishdi.
– Maktab qadrdon maskan, unda har bir inson dastlabki hayotiy bilimni oladi. Oʻquvchining orzu-umidlari aynan ana shu maskanda shakllanadi. Oʻzi har bir oʻqituvchi ijodkor. Birgina dars oʻtish jarayoni ustozdan aktyor, notiq, shoir va koʻplab kasb egalari boʻlishni talab etadi. Oʻqituvchi ana shunday salohiyat egasidir. ʼʼIjodkor oʻqituvchilarʼʼ seminari qatnashchilarning har birida ana shunday salohiyat borligini koʻrdim, – dedi shoira Zulfiya Moʻminova.
Seminar doirasida ishtirokchilar ʼʼDoʻrmonʼʼ ijod uyidagi ijodkorlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi. Adiblar xiyobonidagi oʻzbek adabiyoti dargʻalarining haykallarini ziyorat qildi. Gʻafur Gʻulom nomidagi uy-muzeyni tomosha qildi. Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi nashrlar – ʼʼJahon adabiyotiʼʼ, ʼʼSharq yulduziʼʼ, ʼʼYoshlikʼʼ jurnallari va ʼʼOʻzbekiston adabiyoti va sanʼatiʼʼ gazetalari tahririyati xodimlari va ularning qizgʻin faoliyati bilan tanishdi, ijodiy suhbat qildi.
Ijodkor oʻqituvchilarga hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari topshirildi. Kelgusida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan seminar ishtirokchilaring sara asarlari toʻplanib almanax shaklida chop etilishi koʻzda tutilgan.