Ijodiy imtihonlar shaffof, adolatli o‘tmoqda
Buxoro davlat universitetida 2023-2024 o‘quv yili uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishlarda kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Imtihonlar BuxDU Axborot resurs markazi, kurash hamda boks zallarida bo‘lib o‘tmoqda. Imtihonlar bo‘lib o‘tadigan binolarda barcha qulayliklar yaratilgan, kerakli texnik vositalar bilan jihozlangan, sport zallari shay holatga keltirilgan.



– 2023-2024 o‘quv yilida alohida iqtidor talab etadigan 13 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi, – deydi Buxoro davlat universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Rustam Jumayev. – Bunda 9 ta sport, 2 ta jurnalistika va axborot xizmati hamda 2 ta san’at sohasi bo‘yicha kadrlar o‘qitiladi. Qabul kvotamiz 450 nafardan ortiq. Bugungi kunda universitetimizda 1 ming 100 nafardan ortiq abituriyentlar hujjat topshirgan bo‘lib ijodiy imtihonlar boshlandi. Kasbiy ijodiy imtihonlarni o‘tkazish uchun universitetimizda tayyorgarlik ishlari bajarildi. Barcha imtihon o‘tkaziladigan auditoriyalar, sport zallari, sport maydonlari to‘liq kameralashtirildi. Vazirligimiz maxsus platformasiga onlayn kuzatish uchun imkoniyatlar yaratildi. Ijodiy imtihonlarda abituriyentlarning yaqinlari, ota-onalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, imtihonlarni shaffoflik adolatlilik bilan o‘tishini ta’minlash maqsadida kuzatuvlar ham olib borilmoqda. Kasbiy ijodiy imtihonlarni o‘tkazish uchun respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalaridan komissiya a’zolari tarkibi shakllantirilgan bo‘lib, tarkib to‘liq ishtirok etmoqda. Imtihonlar davomida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish uchun shtab hamda abituriyentlarga tezkor javob berish uchun Call markaz tashkil etilgan. Markazimiz haftaning 7 kunida ijodiy imtihonlarda faoliyat ko‘rsatadi va imtihon bo‘lib o‘tadigan kunlardan oldin abituriyentlar telefon qo‘ng‘iroqlari hamda sms xabarlar, universitet rasmiy veb sayti orqali xabardor qilinmoqda. Ota-onalarimiz ijodiy imtihonlarni uydan turib internet orqali kuzatishlari mumkin.



Ma’lumot uchun, Kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 25 iyulidan 30 iyul kuniga qadar Buxoro davlat universiteti hududida bo‘lib o‘tadi.
Zarif Komilov, O‘zA