Ijodi shaxsiyatiga uyg‘un shoir
Shoir Shukur Qurbon haqida so‘z ketganda aksariyat yozuvchi va shoirlar “Ijodi shaxsiyatiga uyg‘un shoir”, degan ta’rifni berishadi. Chunki uning yashash tarzi, xarakteri, dunyoqarashi misralariga ko‘chgan tuyg‘ulari kabi samimiy.
U odamlarni qanday yaxshi ko‘rsa, shunday yozadi, nimadandir nafratlansa, buniyam yashirib o‘tirmaydi. She’r va dostonlarida kuyunchaklik bilan diyonatni ulug‘laydi, mehr- oqibatni badiiy talqin etadi.
Shoirning Vatan haqidagi bitiklarida shunday misralar bor:
His etmoq lozimdir dardlarni dildan,
Aks holda xom so‘zlar chiqadi tildan.
Vatan to‘g‘risida gap ketganida,
Fikrlab bo‘lmaydi oshqozon bilan.
Shukur Qurbon (Olimjon o‘g‘li) 1951 yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. O‘zMUning filologiya fakultetini bitirib, faoliyatini «Sharq yudduzi» jurnali tahririyatida boshlagan. Keyinroq O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyat bo‘limida, O‘zbekiston teleradiokompaniyasida, «Sog‘lom avlod uchun» jurnali tahririyatida xizmat qilgan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti bo‘lim mudiri vazifasida ham ishlagan.
Shoir bitiklari darslik va qo‘llanmalardan o‘rin olgan. O‘zbekiston radiosining «Oltin fondi»da uning radiopostanovka va yuzga yaqin qo‘shig‘i saqlanmoqda.
Shoir bu yil tabarruk 70 yoshni qarshilamoqda. Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida shoir tavalludiga bag‘ishlab “Hayot gulzor, deya kezdim”, deb nomlangan ijodiy kecha tashkil etildi. Unda ijodkorning do‘stlari, shogirdlari va oila a’zolari ishtirok etdi. Shukur Qurbonning do‘stlari uning bosib o‘tgan hayot yo‘li, o‘ziga xos ijodi haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. San’atkorlar tomonidan shoir qalamiga mansub she’rlar asosida yaratilgan qo‘shiqlar yangradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA