IIV: tumanlarda tinchlik-osoyishtalik va jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda
Ichki ishlar vazirligi (IIV) “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov Mirobod tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazgan yig‘ilishda shu masalaga e’tibor qaratdi.
Tuman hududida 2026-yilning 8 oyi davomida tezkor-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi. Ayniqsa, jinoyatlarning oldini olish, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan manzilli ishlash, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda har bir xodimdan xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlashda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish talab etildi.
Mahallalarda aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon beruvchi omillarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, har bir hudud va yo‘nalish kesimida mas’uliyatni oshirish hamda tumanda tinchlik-osoyishtalik va jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Bunday tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – Mirobod tumanida barqaror va xavfsiz muhitni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi osoyishtaligini asrash hamda ichki ishlar organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini yanada kuchaytirishdan iborat.
N.Abduraimova, O‘zA