ID-karta muammosi: 2027-yil byudjetiga taklif
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda har yili o‘rtacha 450 ming nafar yosh 16 yoshga to‘ladi va birinchi marta ID-karta olish huquqiga ega bo‘ladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ID-karta olish uchun o‘rtacha davlat boji 330 ming so‘mni tashkil etadi. Shu asosda hisoblanganda bir yilda ushbu yoshlar uchun umumiy xarajat 148,5 milliard so‘m atrofida shakllanadi.
Bugungi kunda 16 yoshga to‘lgan yoshlarning bir qismi ID-kartani o‘z vaqtida ololmasligining asosiy sabablaridan biri moliyaviy imkoniyatlar bilan bog‘liq.
Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, olis va chekka hududlarda yashovchi yoshlar uchun 300 ming so‘mdan ortiq to‘lov sezilarli yuklama hisoblanadi. Natijada har yili minglab yoshlar ID-kartani kechiktirib oladi yoki hujjatlashtirish jarayonini o‘z vaqtida yakunlay olmaydi.
Bu holat faqat hujjat masalasi bilan cheklanib qolmaydi. ID-karta bu oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish, ishga joylashish, mehnat shartnomasi tuzish hamda davlat va elektron xizmatlardan foydalanish uchun asosiy hujjat hisoblanadi.
Shu sababli ID-kartaga ega bo‘lmagan yoshlar oliy ta’lim muassasasiga kirish jarayonida, ishga joylashish va rasmiy tizimlarga kirishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Bu esa ularning o‘z yo‘lini topishi, kasb tanlashi va mustaqil hayotga kirib borishiga ma’lum darajada to‘siq bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhim jihatlardan biri shundaki, ushbu muammo har yili takrorlanadi.
Har yili yangi 450 ming nafar yosh ushbu jarayonga kirib keladi va ularning ma’lum qismi moliyaviy sabablar tufayli hujjatni kechiktirib oladi. Natijada tizimli ravishda hujjatlashtirish jarayonida uzilishlar yuzaga keladi va yoshlarning davlat xizmatlariga to‘liq integratsiyasi sekinlashadi.
– Shu nuqtai nazardan, 2027-yil Davlat byudjetida “ID-karta olishga subsidiya” dasturini joriy etish tashabbusini bildiraman, – deydi Xalq deputatlari Toshkent viloyati deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i
Muxsiddin Nizomiddinov. – Ushbu tashabbusga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan barcha fuqarolarning birinchi ID-karta olish xarajatlari davlat tomonidan qisman yoki to‘liq qoplanadi. Agar subsidiya to‘liq joriy etilsa, 450 ming nafar yosh uchun 148,5 milliard so‘m davlat byudjetidan qoplanadi va fuqarolar uchun moliyaviy to‘siq butunlay bartaraf etiladi.
Bu esa barcha yoshlarning birinchi ID-karta bilan to‘liq qamrab olinishiga xizmat qiladi. Shuningdek, bosqichma-bosqich chegirma tizimi ham ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘ladi.
Jumladan, 10 foizlik chegirma joriy etilganda 1 nafar uchun to‘lov 297 000 so‘mni tashkil etadi va umumiy xarajat 133,65 milliard so‘m bo‘ladi. 20 foizlik chegirmada 1 nafar uchun to‘lov 264 000 so‘m bo‘lib, umumiy xarajat 118,8 milliard so‘mga teng bo‘ladi. 30 foizlik chegirma joriy etilganda esa 1 nafar uchun to‘lov 231 000 so‘mni tashkil etadi va umumiy xarajat 103,95 milliard so‘m bo‘ladi.
Uzoq muddatli istiqbolda ushbu tashabbus faqat ijtimoiy yordam emas, balki strategik investitsiya sifatida ham baholanadi. Chunki ID-kartaga ega bo‘lgan yoshlar oliy ta’lim muassasasiga kirish, ishga joylashish va rasmiy iqtisodiyotga integratsiya jarayonida tezroq va samaraliroq harakat qiladi. Bu esa mehnat bozorining faollashuvi, ta’lim imkoniyatlarining kengayishi hamda ijtimoiy tenglikning mustahkamlanishiga olib keladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA