Ichki ishlar xodimlari kitobxonlik borasida bellashdi
Toshkent shahar ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan tashkil etilgan tanlovda ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan yosh xodimlar o‘zaro bellashdi.
Tanlov hay’ati a’zolari «Siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy kitoblar bilimdoni», «Badiiy kitoblar bilimdoni», «Men sevgan adib», «She’riyat» kabi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilarning bilimini baholab bordi.

– Davlatimiz rahbari kitobxonlikni targ‘ib qilishga kuyunchaklik bilan yondashayotgani bejiz emas, – deydi tanlov hay’ati raisi, Toshkent shahar IIB maslahatchisi, iste’fodagi polkovnik Murodjon Karimov. – Kitob nafaqat bilim manbai, tafakkur qayrog‘i, aql chirog‘i, ruhiyat darmoni hamdir. bugungi tadbir ham ichki ishlar tizimida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlarga sohada zarur bo‘lgan ruhiy madad va ma’naviy ozuqa beradi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Uchtepa tumani IIB mas’ul xodimasi, katta serjant Gulora Xudnayevaga, 2-o‘rin Yangihayot tumani IIB vakili, katta leytenant Sitora Saidovaga, 3-o‘rin Toshkent shahar IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi inspektori, leytenant Sayyora Ruziyevaga nasib qildi.
Tanlov g‘oliblariga pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O. Bekmurodova, O‘zA