Ichki ishlar tizimidagi yosh kitobxonlar
Andijon viloyati ichki ishlar organlari tizimida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar o‘rtasida “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov ichki ishlar tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, ularni kitob o‘qishga, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, xodimlarning intellektual salohiyati va tafakkurini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichki ishlar vazirligi Ishchi guruhi tashabbusi bilan Marhamat tumanidagi “Kelajak nuri” kutubxonasida “Ichki ishlar organlarida vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovda viloyat ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari hamda tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlarida xizmat olib borayotgan zukko, bilimdon yosh xodimlar ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilari “Siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy kitoblar bilimdoni”, “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Men sevgan adib” shartlari asosida bilim va salohiyatini namoyish etdi.
[gallery-9035]
Ishtirokchilarning chiqishlari viloyat IIB, Yoshlar ittifoqi mas’ullari, ma’naviyatchi va kutubxonachilardan tuzilgan hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Ulug‘nor tumani ichki ishlar bo‘limi tergov guruhi tergovchisi, leytenant Xumoyun Anvarjonov eng yuqori ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Bo‘ston tumani ichki ishlar bo‘limi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi inspektori, leytenant Abdulaziz Akramjonov, uchinchi o‘rinni Oltinko‘l tumani ichki ishlar bo‘limi Kadrlar bilan ta’minlash guruhi katta inspektori, leytenant Muhammadkarim Shamsiddinov egalladi.
G‘olib va sovrindorlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA