Ichki ishlar organlarida qancha ayol rahbarlikka tayinlandi? (+video)
Gender tenglik siyosatiga nafaqat ijtimoiy adolat tamoyili, balki iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili sifatida qaralmoqda.
Tahlillar ayollarni ta’lim, bandlik va boshqaruv sohalariga keng jalb etgan davlatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun ham mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar yangi tahrirdagi Konstitutsiya, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi hamda Gender tenglikka erishish strategiyasida mustahkamlangan.
Jahon banki indeksida mamlakatimiz gender tenglik sohasida eng tez rivojlanayotgan besh davlat qatorida qayd etilgan. Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa O‘zbekiston 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekistonda keyingi paytda huquq-tartibot idoralarda xotin-qizlar ulushi ortib bormoqda. Bu, mutaxassislar fikricha, huquqiy sohada adolat o‘rnatilishida, ayollar va bolalar manfaatlari himoyasi mustahkamlanishida muhim o‘rin tutmoqda. Chunki xotin-qizlar bunday masalalarga, avvalo, ayol, ona yoki opa-singil kabi qaraydi, haqiqiy jabrdiydaning dardini his qila oladi.
Ichki ishlar organlarida ham bu yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xotin-qizlarni ishga qabul qilish, ularni mas’uliyatli lavozimlarga tayinlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu haqda Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmat boshlig‘i Sohibjamol Joldasova bilan suhbatlashdik.
– Gender tenglikni ta’minlash va jamiyatda xotin-qizlar salohiyatini munosib e’tirof etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – dedi S.Joldasova. – Shu tufayli yurtimizda ayollarning turli, gohida murakkab sohalarda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun chinakamiga keng imkoniyatlar ochilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Uzoq vaqt mobaynida muayyan kasblar faqatgina “erkaklarniki” deb hisoblab kelingan. Biroq, zamonaviy voqelik buning aksini isbotlamoqda: xotin-qizlar sharaf, matonat va yuksak mahorat bilan erkaklar qatorida xizmat qilmoqda. Ular zimmalariga mas’uliyatli vazifalarni olib, o‘z burchiga chuqur sadoqatini va Vatanga mehrini namoyon etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi rahbar ayollar bu o‘zgarishlarning yorqin dalilidir. 50 nafardan ortiq hamkasbim rahbarlik lavozimlariga tayinlandi. Bizning ichki ishlar organlaridagi faoliyatimiz shunchaki mansab pog‘onalaridan ko‘tarilish emas, balki tarixiy adolatning tiklanishidir. Zero, ayol azaldan nafaqat oila qo‘rg‘oni va ma’naviy qadriyatlar posboni, balki jamiyatni o‘zgartirishga qodir bunyodkor kuch bo‘lib kelgan. Biz safimizda o‘z g‘ayrati, shijoati va benuqson xizmati bilan tizimni yangi cho‘qqilar sari boshlayotgan xotin-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning aytishicha, ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan ayollar nafaqat namunali oila bekasi, mehribon ona va xonadonlar tayanchi, balki qalbida To‘marisga xos jasorat, Vatanga sadoqat va yuksak mas’uliyat tuyg‘usi jo‘sh urayotgan mard va matonatli safdoshlardir.
Ular yurtimizda jamoat tartibini ta’minlash, fuqarolarning tinch va osuda hayotini muhofaza qilish, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish yo‘lida fidokorona xizmat qilib, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2l1F_8quieA" title="Ichki ishlar organlarida qancha ayol rahbarlikka tayinlandi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA